Abdulhoshim Abdulhokimov birinchi BTPni 2025-yil sentyabr oyida ochdi. U bir yildan kamroq vaqt ichida tarmoqni Farg‘ona viloyatining turli tumanlarida beshta shoxobchagacha kengaytirdi. O‘zi Toshkentda yashab ishlaydi, BTP tarmog‘ini esa qo‘shimcha daromad manbayi sifatida rivojlantirib kelmoqda. Yil oxirigacha yana bir nechta topshirish puktini ochishni rejalashtiryapti.

Birinchi topshirish punktini ochish uchun bir oydan ko‘proq vaqt va 50 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Abdulhoshimning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda eng ko‘p vaqt materiallar, asbob-uskunalar topish va tashkiliy masalalarni hal qilishga sarflangan. Bugungi kunda yangi nuqtalar sezilarli darajada tezroq ochilmoqda: so‘nggi BTPni ishga tushirish taxminan 20−25 kun davom etdi va xarajatlar taxminan 40 mln so‘mni tashkil qildi.

“Birinchi marta har doim qiyinroq. Biror narsani qimmatroq sotib olardim, qayerdadir kerakli materiallar yoki uskunalarni uzoq vaqt qidirishga to‘g‘ri kelardi. Vaqt o‘tishi bilan jarayonlarni yaxshiroq tushuna boshlaysiz: qurilish materiallarini qayerdan sotib olish, qanday xodimlarni yollash, ishni qanday tashkil etish kerakligini bilib olasiz. Bu yo‘lni bir marta bosib o‘tgach, keyingilari ancha osonlashadi. Hozir beshta topshirish punktidan oyiga 60 mln so‘m atrofida daromad olyapman”, — deydi u.

Birinchi punkt ochilgandan so‘ng, Uzum Market menejerlari Abdulhoshimga BTP uchun yangi joylarni taklif qila boshladilar, uning o‘zi esa binolarni ta’mirlash va ishga tushirishga tayyorlash bilan shug‘ullandi.

Topshirish punktlari Farg‘ona viloyatining turli hududlarida joylashgan. Ularning ba’zilari bir-biridan 25−30 kilometr masofada, jumladan, chekka hududlarda joylashgan.

“Ko‘pchilik bunday joylarda odamlar buyurtma bermaydi, deb o‘ylaydi. Ammo hatto u yerda ham Uzum Market’ni yaxshi bilishadi. Asosiysi — katta aholi punktlarida joy tanlashdir. Shunda buyurtmalar bo‘ladi va men buni o‘z topshirish punktlarim misolida ko‘ryapman”, — deydi u.

BTPning kundalik ishini asosan Abdulhoshimning aka-ukalari va boshqa qarindoshlari kuzatib boradilar. Uning o‘zi Farg‘onaga borganida nuqtalarni muntazam tekshirib turadi, boshqa vaqtlarda esa ish jarayonini kameralar orqali nazorat qiladi. U ba’zan xaridorlar ehtiyojini yaxshiroq tushunish va qaysi mahsulotlar xaridorgir ekanini bilish uchun topshirish punktida o‘zi ham ishlaydi.

“Ba'zi buyurtmalar hayratlanarli. Ular ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, yormalar va hatto chipslarni sotib olishadi.Vaholanki, bular odatda uy yaqinidagi do‘kondan sotib olish mumkin bo‘lgan narsalardir. Ammo odamlar bu mahsulotlarni Uzum Market’da foydaliroq narxda yoki chegirmalar bilan topishadi”, — deydi Abdulhoshim.

Faoliyati davomida u boshqa ko‘plab franshiza hamkorlari bilan ham tanishgan. Uning aytishicha, ular doimiy aloqada bo‘lib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi va bir-biriga maslahatlar berib turadi.

Reklama huquqlari asosida.