2025-yilda oliy ta‘lim muassasalari bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Ta‘lim sifatini ta‘minlash milliy agentligi xabar berdi.

Bitiruvchilarning bandlik darajasi 75% bo‘lib, o‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 1 kunni qayd etgan.

Agentlik tomonidan 114 ta oliy ta‘lim tashkilotining 242,6 ming nafar bitiruvchisi kesimida o‘tkazilgan dastlabki modellash natijalariga ko‘ra, bitiruvchilarning 60,1%i kamida to‘rt oy davomida barqaror ish bilan ta‘minlangan.

Eng yuqori o‘rtacha ish haqi biznes va boshqaruv yo‘nalishi bitiruvchilarida — 8,5 mln so‘mni tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda huquq (7,3 mln so‘m) hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (6,8 mln so‘m) yo‘nalishlari qayd etilgan.

bandlik, bitiruvchilar, biznes va boshqaruv, o'rtacha ish haqi

Bitiruvchilar sifati indeksi bo‘yicha esa matematika va statistika (69,6 ball), ta‘lim (66,7 ball) hamda biznes va boshqaruv (63,9 ball) yo‘nalishlari yetakchilik qilgan.

Indeks natijalariga ko‘ra, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 ta OTM karyera markazi 500 mln so‘mdan rag‘batlantiriladi. Yakuniy natijalar 12 oylik ma‘lumotlar asosida avgust oyida e‘lon qilinadi.

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 825,9 ming so‘mni tashkil etgandi.

Spot, avvalroq, yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi haqida yozgandi.