Avvalroq prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda stipendiya miqdorlari oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi 1-iyuldan, ish haqi va stipendiyalar esa 1-sentabrdan 7% ga oshiriladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan 2026-yilning 1-iyulidan boshlab fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarning miqdorlari quyidagicha oshiriladi:

  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (oldin 1,012 mln so‘m edi);
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (1,012 mln so‘m);
  • 1941−1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari hamda Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 775 000 so‘m (4,462 mln so‘m);
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (983 000 so‘mdan) 1 083 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m (1,012 mln so‘m);
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 290 ming so‘mdan (oldin 270 ming so‘m edi) qo‘shiladi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Hujjatga ko‘ra, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, ish beruvchilarga xodimlar ish haqini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan darajada belgilash va uni yangi miqdorlarga mos ravishda oshirish tavsiya etildi.

Farmon ijrosi uchun bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov mas’ul etib belgilandi.

Avvalroq Spot 1-sentabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori hamda bazaviy hisoblash miqdori qanday o‘zgarishi haqida yozgan edi.