Yaqin oylarda sun’iy intellekt asosidagi yangi avlod xakerlari paydo bo‘lishi mumkin, deya xabar berdi The Guardian nashri.
Sun’iy intellekt (SI) sohasidagi ilg‘or texnologiyalar xakerlik hujumlari uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda va bu tahdidga qarshi turish uchun zudlik bilan chora ko‘rish zarur.
22-iyun kuni AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya hamda Yangi Zelandiya razvedka xizmatlari vakillaridan iborat “Five Eyes” alyansi shunday bayonot bilan chiqdi.
“Sun'iy intellektning ilg‘or modellari sohaning hozirgi kutilmalaridan oshib ketishi, kibermakonda ham hujum, ham mudofaa imkoniyatlarini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda. Bu bir necha yildan keyin emas, balki bir necha oydan keyin sodir bo‘ladi”, — deyiladi Britaniya hukumati saytida e’lon qilingan hujjatda.
Shu munosabat bilan bayonot mualliflari kiberxavfsizlik muammolariga e’tibor qaratishga hamda zaif sohalarda himoyani kuchaytirishga chaqirdi.
Maxsus xizmatlar bu borada aniq tavsiyalar ham berdi. Xususan, ular dasturiy ta’minotdagi xatoliklarni imkon qadar tezroq tuzatishni va zaruratsiz tizimlarni onlayn maydonga chiqarmaslikni maslahat berdi.
Xakerlik hujumlari uchun SI modellari
Hujjat kuzatuvchilarning Anthropic ishlab chiqaruvchisining Mythos va OpenAI’ning GPT-5.5-Cyber kabi sun’iy intellekt modellari haqidagi xavotirlari ortib borayotgan bir paytda e’lon qilindi, ular foydalanuvchilarga murakkab va potentsial halokatli xakerlik hujumlarini tezda amalga oshirish imkonini beradi.
Reuters agentligining eslatishicha, joriy oy boshida Anthropic kompaniyasi AQSH hukumati milliy xavfsizlikka tahdid mavjudligi sababli chet el fuqarolarini ushbu modellardan mahrum qilishni buyurganidan keyin Mythos versiyalaridan birini o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lgan.
Taxminan bir vaqtning o‘zida Five Eyes assotsiatsiyasiga kiruvchi AQSH Kiberxavfsizlik agentligi (CISA) davlat amaldorlariga o‘z tarmoqlaridagi raqamli zaif joylarni bartaraf etishni buyuradigan muddatni uch kungacha qisqartirdi. Bu chora sun’iy intellektdan kelib chiqadigan tahdidlar bilan ham asoslangan edi.
Avvaklroq Spot Meta AI chat-boti xakerlarga Instagram akkauntlariga kirishga yordam bergani haqida yozgandi.
Xakerlar sun’iy intellekt yordamchisini aldab, akkaunt pochtasini o‘zgartirishga erishgan. Bot esa shaxsni tekshirmasdan kodni yangi pochtaga yuborgan.