YouTube ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni shakllantirish bo‘yicha da’voni hal qildi. Kelishuv shartlari oshkor etilmadi, deb yozadi Reuters.

Google kompaniyasi yoshga oid cheklovlar tizimi va ota-onalar nazorati vositalarini rivojlantirishda davom etishini ma’lum qildi.

Da’voni R.K.C. taxallusi bilan ma’lum bo‘lgan 16 yoshli o‘smir kiritgan. Uning ta’kidlashicha, u taxminan sakkiz yoshidan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshlagan, shundan so‘ng qaramlik, uyqu yo‘qolishi, depressiya va xavotirga duch kelgan.

Xuddi shu da’vo arizasida yana uch nafar javobgar — Instagram, Snapchat va TikTok ham qolmoqda. Ular 2026-yil iyul oyida Kaliforniyada sud oldida javob berishlari kerak bo‘ladi.

Yanvar oyida TikTok va Snap ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha da’voni hal qilgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, da’voni hal qilish TikTok va Snap’ning ayblovni tan olgani emas. Ular suddan tashqari kelishuvga erishgan, biroq shartlar noma’lum.

Reuters agentligining qayd etishicha, AQSHda bunday da’volar soni “minglab"ni tashkil etadi.

2026-yil mart oyida Kaliforniyadagi maslahatchi hakamlar hay’ati Meta va Google kompaniyalarini ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni keltirib chiqarish ishi bo‘yicha aybdor deb topib, ularga $3 mln tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan edi.

Maslahatchi hakamlarning aksariyati har ikki kompaniyani platformalar dizayni va boshqaruviga beparvolik bilan yondashgani, shuningdek, xizmatlardan foydalanishda bolalar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida ogohlantirmagani uchun javobgar deb hisobladi.


Avvalroq Spot Yevropa Komissiyasi TikTok’ning foydalanuvchilarda qaramlikka olib kelishini rasman tan olgani haqida yozgandi.

YK xulosalariga ko‘ra, TikTok misolida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik “cheksiz pastga siljish, avtomatik ijro, push-xabarnomalar va yuqori darajada shaxsiylashtirilgan tavsiya tizimi” kabi xususiyatlar bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan.

Dastlabki tekshiruvi shuni ko‘rsatadiki, TikTok ushbu odatga aylantiruvchi funksiyalar foydalanuvchilarning, jumladan, voyaga yetmaganlar va zaif kattalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga qanday zarar yetkazishi mumkinligini to‘g‘ri baholamagan.