Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Mazkur hujjat ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar va noturar obyektlar guruhlariga ajratiladi.
Baholashda ko‘chmas mulk bozori maʼlumotlari, bitimlar, eʼlonlar va boshqa narxga taʼsir qiluvchi omillar hisobga olinadi.
Hududlar bozor narxlaridan kelib chiqib narx zonalariga ajratiladi hamda namunaviy obyektlar (etalonlar) asosida qiymat aniqlanadi. Obyektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvlari orqali hisoblanadi.
Qiymatni aniqlashda qurilgan yili, qurilish materiali, maydoni, qavati, joylashuvi va taʼmirlanganlik holati kabi omillar inobatga olinadi.
Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida eʼlon qilinadi. Mulkdorlar kadastr raqami orqali o‘z obyektining qiymati bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.
Baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi hamda mulkdorlar taklif va eʼtirozlarini bildirishi mumkin. Natijalardan norozi bo‘lgan shaxslar vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Mazkur hujjat ko‘chmas mulk obyektlarining qiymatini bozor tamoyillari asosida adolatli va shaffof aniqlashga xizmat qiladi.
Spot, avvalroq, ko‘chmas mulk uchun soliq bazasining bozor narxi qanday hisoblanishi haqida yozgandi.