Adidas va mashhur amerikalik dizayner Rik Ouens ichki sovutish tizimiga ega sport kiyimlari qo‘shma kolleksiyasini chiqaradi.

Qayd etilishicha, kolleksiyadan ventilyatorli kurtka, xuddi shunday mexanizmga ega shortiklar va muzli nimcha o‘rin olgan.

Mualliflar bu tizimni sportchilar uchun shaxsiy konditsioner deb atashmoqda. To‘plam 2027-yilda sotuvga chiqariladi.

Ouens — amerikalik modelyer bo‘lib, soha vakillari uni zamonamizning eng radikal dizaynerlaridan biri deb hisoblaydi. Uning o‘ziga xos uslubi ulkan, qorong‘i siluetlar, qora rang va me’moriy shakllardan iborat.

U keng jamoatchilikka unchalik tanish bo‘lmasa-da, moda ixlosmandlari orasida kult shaxs sanaladi. Ouens avvalroq Adidas bilan hamkorlik qilgan, ularning so‘nggi qo‘shma kolleksiyasi 2017-yilda chiqqan, shundan so‘ng o‘n yilga yo‘llari ayrilgan.

Asosiy yangilik esa quyidagicha ishlaydi. Kurtka yashirin ventilyatorlar yordamida havoni tana atrofida aylantirib, havo shari o‘lchamigacha shishadi. Jilet esa boshqacha tuzilgan: uning ichida muzlatilgan gel bo‘lib, u asta-sekin erib, tana, qorin va yelkadan issiqlikni tortib oladi.

Ustidan sovuq havoni ushlab turadigan termoizolyatsion qobiq kiyiladi. Bu ikki qism birgalikda tana haroratini 13 darajaga pasaytiradi.

Dastlab bu texnologiya Mercedes-AMG Petronas poygachilari uchun ishlab chiqilgan. Poyga paytida kokpitdagi harorat haddan tashqari yuqori ko‘rsatkichlarga yetishi mumkin, shu sababli tizim eng ekstremal sharoitlarda sinovdan o‘tkazilgan.

So‘ngra Adidas uni bir necha yil davomida futbol klublari bilan birga sinab ko‘rdi va o‘yinlarga moslashtirdi. 2026-yilgi jahon chempionatida Adidas tomonidan ekipirovka qilinadigan barcha terma jamoalar ushbu texnologiyaga ega bo‘ldi.

Ouens esa tayyor ishlanmadan foydalanib, uni ilk bor podiumda namoyish etdi. Namoyish Parijdagi Moda haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi, o‘shanda termometr ustuni deyarli 42 darajagacha ko‘tarilgan edi. Ouens modellarni jaziramadan himoya qilish uchun namoyishni kechqurundan tongga ko‘chirdi.

Ventilyatorli kiyimlar paydo bo‘lganiga 20 yildan oshdi, faqat ular ilgari podiumlargacha yetib bormagan edi. Bunday kurtkaning birinchisini 2000-yillarning boshida Yaponiyaning Kuchofuku — so‘zma-so‘z tarjimada “konditsionerli kiyim” — kompaniyasiga asos solgan Sony’ning sobiq muhandisi Xirosi Itigaya ixtiro qilgan.

Orqa qismdagi ikkita kichik ventilyator havoni ichkariga tortib, tana bo‘ylab haydaydi va terning bug‘lanishini tezlashtiradi, shu tariqa tana o‘z-o‘zidan soviydi. Dastlab xaridorlar jaziramada nega kurtka kiyish kerakligini tushunishmadi, shu sababli savdo sust kechdi.


Avvalroq Spot Adidas uy hayvonlari uchun kiyimlar kolleksiyasini taqdim etgani haqida yozgandi.

To‘plamga klassik uslubdagi kurtkalar, nimchalar va sport kiyimlari kiradi hamda hozircha faqat Xitoyda sotuvda mavjud.