Xitoyda dunyodagi ilk to‘liq robotlashtirilgan mehmonxona ochiladi, deya xabar bermoqda New Atlas nashri.
Boshqa shunga o‘xshash mehmonxonalardan farqli o‘laroq, bu yerda birorta ham “ko‘zga ko‘rinadigan” lavozimda odam ishlamaydi.
Robotlar mehmonlarni kutib oladi va ro‘yxatdan o‘tkazadi, yuklarni yetkazadi, xonalarni tozalaydi, qahva damlaydi va nonushtaga xizmat ko‘rsatadi.
Xonaga yetkazib berish va aksariyat masalalar bo‘yicha yordam ham ularning zimmasida bo‘ladi, ular har qanday tilda gaplasha oladi.
Tashrif buyuruvchilarning aksariyati asosan robotlar bilan muloqot qiladi. Mehmonxonada turli kompaniyalarning robotlari ishlatiladi, ammo ular bir-biri bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga o‘rgatiladi.
Qayd etilishicha, mehmonxona Shenchjen-Chjunshan o‘rtasidagi sun’iy orolda qurilmoqda va 2027-yilda ishga tushadi.
Dastlabki vaqtlarda ayrim ishlarni odamlar bajaradi, 2030-yilga kelib esa to‘liq robotlashtirishga o‘tilishi va’da qilinmoqda.
Majmua faoliyati uchun Pudu Robotics kompaniyasining mavjud robotlar turkumidan foydalanish rejalashtirilmoqda.
PUDU T300 modeli 300 kg gacha bo‘lgan yuklarni tashiy oladi, CC1 Pro va MT1 robotlari bino va unga tutash hududlarni tozalashga mas’ul bo‘ladi, BellaBot Pro qahva tayyorlab, uzatadi, KettyBot Pro esa restoranlarda tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Ayrim vazifalarni, ayniqsa, murakkab qarorlar qabul qilish, mehmonlar bilan muloqot yoki nostandart yondashuvni talab etadigan ishlarni avvalgidek xodimlar bajaradi. Shuningdek, robotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan ham odamlar shug‘ullanadi.
Avvalroq Spot Gonkongda odamsimon robot boshqaruvidagi birinchi do‘kon ochilishi haqida yozgandi.
Robot bir nechta tilda so‘zlashadi, mahsulot tanlashga yordam beradi, 24/7 rejimida ishlaydi.