Ipak Yuli Bank Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) Katalitik birinchi yo‘qotishlarni qoplash kafolati dasturiga (Catalytic First Loss Guarantee Program) qo‘shilgan O‘zbekistondagi birinchi moliya muassasasiga aylandi. Bu bankning mamlakat bo‘ylab mikro, kichik va o‘rta biznes (MKO‘B) subyektlarining moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mazkur muhim bitim doirasida IFC Katalitik birinchi yo‘qotishlarni qoplash kafolati dasturi doirasidagi ilk investitsiyasini amalga oshirib, Ipak Yuli Bankning milliy valyutadagi qariyb $100 mln ekvivalentidagi MKO‘B kredit portfelini kafolat bilan qo‘llab-quvvatladi. Mazkur kafolat mexanizmi bankka mikrokorxonalar, ayol tadbirkorlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energetika va energiya samaradorligi sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish imkonini berib, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish hamda O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Mikro, kichik va o‘rta biznes O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi, biroq ushbu sektor hali ham moliyalashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur hamkorlik Ipak Yuli Bankga moliyalashtirish imkoniyatlari cheklangan MKO‘B subyektlarini kreditlashni kengaytirish hamda mamlakatda xususiy sektorning yanada inklyuziv rivojlanishiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

“Biz IFCning Katalitik birinchi yo‘qotishlarni qoplash kafolati dasturiga qo‘shilgan O‘zbekistondagi birinchi bank bo‘lganimizdan faxrlanamiz. Ushbu innovatsion kafolat mexanizmi bizga moliyalashtirish imkoniyatlari cheklangan mikro, kichik va o‘rta biznesni, xususan mikrokorxonalar va ayol tadbirkorlarni moliyalashtirishni kengaytirish, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorligi sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish imkonini beradi. IFC bilan hamkorlikda biz yanada ko‘proq tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz”, — qayd etdi Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi Umidjon Xakimov.
Mazkur bitim Ipak Yuli Bank va IFC o‘rtasida 2018-yilda boshlangan uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamladi. Shu davr mobaynida IFC bankka jami $102 mln miqdorida moliyalashtirish taqdim etdi, jumladan $67 mln miqdoridagi sindikatsiyalashgan kreditni ajratdi. Ushbu moliyalashtirish MKO‘Bni, shu jumladan ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
“Ipak Yuli Bank bilan hamkorlik IFCning O‘zbekiston bo‘ylab barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sodiqligini mustahkamlaydi. Xususiy kapitalni mikrokorxonalar, ayol tadbirkorlar va ekologik barqaror biznesni, jumladan poytaxtdan tashqaridagi hududlarda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish orqali IFC moliyalashtirishdagi tafovutni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va mamlakatning yanada barqaror iqtisodiyotga o‘tishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan”, — deya ta’kidladi IFCning Yaqin Sharq, Turkiya, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha moliyaviy institutlar guruhi mintaqaviy direktori Momina Aijazuddin.
Moliyalashtirishdan tashqari, IFC Ipak Yuli Bankka strategik konsalting ko‘magini ham taqdim etadi. Mazkur ko‘mak bankning mahsulot va xizmatlarini MKO‘B mijozlari, jumladan ayol tadbirkorlar ehtiyojlariga yanada moslashtirish hamda bankning barqaror o‘sishini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratiladi.
Ipak Yuli Bank haqida
1990-yilda tashkil etilgan Ipak Yo‘li aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki O‘zbekistonning universal tijorat banklaridan biridir. Bank mamlakatning sakkiz hududida joylashgan 17 ta filial va 52 ta bank xizmatlari markazidan iborat rivojlangan tarmoq orqali kichik biznes, tadbirkorlar va chakana mijozlarga bank xizmatlarining keng turini taqdim etadi. Batafsil ma’lumot havola orqali mavjud.
IFC haqida
Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi IFC rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan dunyodagi yirik taraqqiyot institutidir. IFC 100 dan ortiq mamlakatda o‘zining moliyaviy resurslari, ekspert salohiyati va ta’siridan foydalangan holda rivojlanayotgan mamlakatlarda yangi bozorlar va imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilmoqda. 2024-moliya yilida IFC rivojlanayotgan mamlakatlardagi xususiy kompaniyalar va moliyaviy institutlarga rekord darajadagi $56 mlrd miqdorida investitsiya kiritib, xususiy kapitalni safarbar etish va xususiy sektor yechimlari orqali qashshoqlikdan xoli hamda yashash uchun qulay sayyorani barpo etishga hissa qo‘shdi. Batafsil ma’lumot havola orqali mavjud.
Reklama huquqlari asosida.