Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi qurilish bo‘layotgan maydonda kanalizatsiya quvuri yorilib ketgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan poytaxt hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, holat Yakkasaroy tumani, Salar ko‘chasi bo‘ylab joylashgan Better Best korxonasiga qarashli qurilish obyektida sodir bo‘lgan.

3-iyul kuni soat 15:15 lar atrofida ushbu hududdan o‘tuvchi, diametri 1800 mm bo‘lgan temir-beton kanalizatsiya tarmog‘ida avariya holati yuzaga kelgan.

Oqibatda kanalizatsiya quvuri shikastlanib, tuproqning qisman cho‘kishi va o‘pirilishiga sabab bo‘lgan.

Hodisaga qurilish tashkiloti tomonidan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga yaqin joyda yer va qurilish ishlarini olib borishda belgilangan texnik me‘yorlar hamda xavfsizlik talablariga rioya etilmagani sabab bo‘lgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, avvalroq mas‘ul tashkilotlar tomonidan qurilish kompaniyasiga ushbu hududda mavjud muhandislik tarmoqlarini himoya qilish va ishlarni xavfsiz olib borish talablariga qat‘iy rioya etish zarurligi uqtirilgan. Shunga qaramay, dastlabki baholashga ko‘ra, zarur choralar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ko‘rilmagan.

“Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Ayni paytda vaziyat to‘liq nazorat ostida”, — deyiladi xabarda.

Hozirda avariya-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki materiallar to‘planib, huquqiy baho berish va qonunchilik doirasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rish uchun vakolatli idoralarga taqdim etilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, shaharning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga shikast yetkazish, ularni yaroqsiz holga keltirish yoki buzishga sabab bo‘lgan har qanday qurilish, yer yoki boshqa ishlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Qoidabuzarliklar tasdiqlangan taqdirda, aybdor shaxslar va tashkilotlar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Mutaxassislar tomonidan nosozlikni bartaraf etish, hududni xavfsiz holatga keltirish va bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ham holat bo‘yicha izoh berdi.

Unda aytilishicha, qurilish ishlari davomida masʼul shaxslarning eʼtiborsizligi oqibatida oqova suv tarmog‘i quvuriga shikast yetkazilgan va avariyaviy holat yuzaga kelgan.

Spot, avvalroq, qurilish sohasidagi 1,9 mingdan ortiq korxonaning soliq qarzi 2,5 trln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.