Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni BlackRock kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda strategik sheriklikni, avvalo, yoqilg‘i-energetika sohasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari faol amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari BlackRock bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida xususiylashtirish jarayonlarida sheriklikni kengaytirish, mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish, neft-kimyo tarmog‘idagi loyihalarni ilgari surish hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘shma investitsiyalar kiritishni belgilab berdi.

Uchrashuv yakunida Adebayo Ogunlesi O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida muloqot samarali kechganini, prezident bilan kechadigan har bir uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shish istagi yanada ortishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, muzokaralarda gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish loyihasi hamda O‘zbekistonda xalqaro moliyaviy markazni barpo etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, kompaniya sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda ularni boshqaruvchi kompaniyalarga investitsiya kiritish bo‘yicha istiqbolli rejalar ustida ishlamoqda. Barqaror aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘nalishi ham BlackRock e’tiboridagi asosiy loyihalardan biri ekani qayd etildi.

“Umuman olganda, O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun nihoyatda jozibador mamlakat. Yaqinda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida AQSHning 200 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etdi. Bu janob prezident olib borayotgan islohotlar natijasidir. O‘zbekistonning xalqaro investitsiya xaritasidagi o‘rni tobora mustahkamlanib boryapti. Shu bois, xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatingizga qiziqishi ortgan”, — dedi Adebayo Ogunlesi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BlackRock O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri, mintaqaga kirish darvozasi hamda Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida baholaydi. Uchrashuvda prezident bilan to‘rt-beshta muhim yo‘nalish bo‘yicha kelishuvga erishildi. “Endi ularni izchil ravishda amalga oshirish ustida ishlaymiz. O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun berilgan imkoniyatlar istiqboldagi loyihalarning natijalarini kafolatlaydi”, — deya xulosa qildi u.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kuz-qish mavsumini yoqilg‘i ta’minotida uzilishlarsiz o‘tkazish uchun zarur zaxiralar shakllantirilgani haqida yozgan edi.