HMD Global Xitoy bozorida Nokia 200 4G nomli yangi tugmali telefonni taqdim etdi.

Qurilmaning asosiy yangiligi — u videoqo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlaydigan ilk Nokia tugmali telefoni hisoblanadi.

Qurilma smartfonlardan foydalanishni istamaydigan yoki ularga muqobil oddiy telefon izlayotgan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

Nokia 200 4G 2,4 dyuymli rangli ekran, 4G va VoLTE qo‘llab-quvvatlovi, ikkita Nano SIM-karta, 1450 mA/soat sig‘imli batareya, FM-radio, ikki LED-fonar hamda qo‘ng‘iroqlarni yozib olish funksiyasi bilan jihozlangan. Telefon uzoq vaqt quvvat saqlashi va kundalik foydalanishda qulayligi bilan ajralib turadi.

Qurilmaning eng muhim jihati videoqo‘ng‘iroq imkoniyatidir. Biroq bu funksiya WhatsApp yoki Telegram orqali emas, balki HMD tomonidan ishlab chiqilgan Xpress Chat xizmati orqali ishlaydi.

Smartfon foydalanuvchilari ushbu ilovani o‘rnatish orqali Nokia 200 4G egalari bilan video va ovozli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi, matnli xabarlar, suratlar hamda emojilar almashishi mumkin.

Telefonning global talqinida sun’iy intellekt yordamchisi uchun alohida tugma ham mavjud. U orqali foydalanuvchilar ovozli buyruqlar yordamida fonarni yoqish, budilnik o‘rnatish, kontaktlarga qo‘ng‘iroq qilish va ayrim oddiy vazifalarni bajarishi mumkin.

Nokia 200 4G Xitoy bozorida 199 yuan, ya’ni taxminan $29 dan sotuvga chiqarildi. Qurilma, avvalo, yoshi katta foydalanuvchilar, o‘quvchilar hamda asosiy smartfoniga qo‘shimcha sifatida sodda va ishonchli telefon izlayotganlar uchun mo‘ljallangan.

2025-yilning yanvarida Nokia smartfonlar bozorini rasman tark etayotganini ma’lum qilgandi.

Kompaniya Apple va Samsung kabi texnologiya gigantlariga qarshi raqobat olib bora olmagani sababli o‘z brendi ostida telefonlarni chiqarishni yakunladi.

Iyul oyida esa Nokia smartfonlar bozoriga qaytishni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.

Kompaniya o‘z brendi ostida mobil texnikalarni birgalikda loyihalash va ishlab chiqarishga tayyor bo‘lgan yirik hamkor qidirmoqda.


Avvalroq Spot Xitoyning Meizu kompaniyasi smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida yozgandi.

Kompaniya zarar ko‘rayotgani sababli unga egalik qiluvchi Geely smartfonlarga sarmoya kiritishdan voz kechishga qaror qildi.