Oliy Majlis Senati “Ijtimoiy ish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Senator Gulnora Marufovaning ta’kidlashicha, hujjat yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat tamoyilini amalda ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ijtimoiy xizmatlar tizimini yagona huquqiy asosda tartibga solishga qaratilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qonunda ijtimoiy ish, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy xodim, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs, og‘ir ijtimoiy vaziyat va boshqa asosiy tushunchalarga ta’rif beriladi. Ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquqni muhofaza qilish hamda jazoni ijro etish tizimlarida tashkil etiladi.
Agentlik maxsus vakolatli organ etib belgilanib, unga davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, ehtiyojmand shaxs va oilalarni aniqlash, ularga xizmat va yordam ko‘rsatish, qonunchilikni takomillashtirish hamda uning ijrosi ustidan nazorat qilish kabi vakolatlar beriladi.
Qonunda ijtimoiy xizmatlar va yordam uch darajaga — birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan xizmatlarga ajratiladi. Ular fuqaroning yashash joyida, mahallasida yoki ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarda, zarurat bo‘lsa internet orqali ham ko‘rsatilishi mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs va oilalar daromadi, yashash sharoiti, bandligi va boshqa ko‘rsatkichlar tahlili, murojaatlar, davlat organlari, OAV hamda boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi. Xizmat va yordam ko‘rsatish odatda murojaat va rozilik asosida amalga oshiriladi, biroq kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda rozilik talab etilmaydi.
Qonunda ijtimoiy xizmatlarni tugatish asoslari ham belgilangan. Jumladan, fuqaro og‘ir ijtimoiy vaziyatni yengib o‘tganda, ijtimoiy shartnoma shartlarini buzganida, xizmatdan voz kechganda, doimiy yashash uchun chet elga ko‘chib ketganda, vafot etganda, yolg‘on ma’lumot taqdim etgani aniqlanganda yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganda xizmatlar to‘xtatiladi.
Ijtimoiy xizmatlar davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar, xizmatlardan olingan daromadlar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, hujjatda ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilar va ijtimoiy xodimlarning huquq va majburiyatlari, ularning maqomi, ijtimoiy muhofazasi, odob-axloq qoidalari, mehnatiga haq to‘lash tartibi hamda faoliyatiga doir cheklovlar batafsil belgilangan.
Senator Gulnora Marufovaning qayd etishicha, qonunning qabul qilinishi ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, ehtiyojmand aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish va ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot ehtiyojmand oilalar gaz va elektr uchun kompensatsiyani onlayn rasmiylashtirishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
