Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yilganini ma‘lum qildi.

Toshkentda Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi balansidagi yer uchastkasini mahalliy korxonaga ijaraga berish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirishni va‘da qilgan.

U, shuningdek, ijara to‘lovini kamaytirish hamda korxonaning 2025-yildagi qarzdorligini tugatib berishni aytib, buning evaziga $15 ming talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryoning Muborak tumanida Elektr ta‘minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati bo‘yicha sudda ko‘rilayotgan ish yuzasidan korxonaga yetkazilgan 103 mln so‘mlik zararni qayta hisoblatib, uni 34 mln so‘mga kamaytirib berishini bildirgan.

Buning uchun u fuqarodan 17 mln so‘m talab qilgan. Mansabdor pullarni turmush o‘rtog‘i orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvlaroq, Toshkentda ikki nafar soliq inspektori $5 ming pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgandi.