Besh yillik ish stajiga ega fuqarolarni oliygohga tavsiya etishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tasdiqlangan ro‘yxatga jami 87 ta tashkilot kiritilgan bo‘lib, ular vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalaridan iborat. Ular orasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, barcha asosiy vazirliklar, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Markaziy bank hamda tijorat banklari, Soliq va Bojxona qo‘mitalari, Milliy statistika qo‘mitasi bor.

Shuningdek, ro‘yxatdan O‘zbekneftgaz, O‘ztransgaz, Hududgazta’minot, Issiqlik elektr stansiyalari, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari, Hududiy elektr tarmoqlari, O‘zbekgidroenergo, O‘zavtosanoat, O‘zbekiston temir yo‘llari, Olmaliq va Navoiy KMK, O‘zbektelekom, Toshkent metropoliteni, O‘zsuvta'minot kabi yirik davlat korxonalari hamda bir qator tarmoq uyushmalari ham o‘rin olgan.

Mazkur tashkilotlar iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xodimlarni davlat OTMlarining kechki ta’lim shakliga suhbat asosida qabul qilish uchun tavsiya etish huquqiga ega bo‘ladi. Talabgorlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi mumkin.

Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yili uchun mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari e’lon qilindi. Jami 2500 ta o‘rin respublikaning 79 ta oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida taqsimlangan.

Shuningdek, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga qo‘shimcha ravishda, xotin-qizlar uchun 4000 ta davlat granti o‘rni ajratildi.

Spot, avvalroq, bakalavriat uchun qabul kvotalari tasdiqlangani haqida yozgandi.