Nyu-York AQSHda sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan yirik ma’lumotlar markazlari (data center) qurilishini vaqtincha to‘xtatgan birinchi shtat bo‘ldi, deya xabar berdi The Verge.

Gubernator Keti Hokul yangi farmonni imzolab, kamida 50 megavatt elektr quvvatidan foydalanadigan yangi data markazlariga ekologik ruxsatnomalar berishni bir yilgacha to‘xtatdi.

Qarorga ko‘ra, bu vaqt ichida shtatning Davlat kommunal xizmatlar departamenti bunday obyektlarning elektr tarmoqlariga yuklamasi, suv iste’moli, havo sifati va mahalliy infratuzilmaga ta’sirini o‘rganib, yangi ekologik va texnik standartlarni ishlab chiqadi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, generativ sun’iy intellektning jadal rivojlanishi sababli yangi data markazlariga talab keskin oshgan.

Bunday markazlar juda katta hajmda elektr energiyasi va suv iste’mol qiladi, bu esa elektr tariflarining qimmatlashishi, tabiiy resurslarga bosim va mahalliy aholi uchun noqulayliklar tug‘dirishi mumkin.

Farmon qonunchilar qabul qilgan yanada qat’iyroq qonundan oldin e’lon qilindi. Mazkur qonun gubernator tomonidan imzolansa, quvvati 20 megavattdan yuqori bo‘lgan yangi data markazlarini ham bir yilga cheklashi mumkin.

Hokul esa dastlab 50 megavatt va undan yirik obyektlarga nisbatan taqiq joriy etib, shifoxonalar, universitetlar va boshqa muhim muassasalarga xizmat ko‘rsatuvchi kichik data markazlari faoliyatiga ta’sir qilmaslikni maqsad qilganini aytdi.

Bundan tashqari, gubernator yirik data markazlari uchun amalda bo‘lgan savdo solig‘i imtiyozlarini bekor qilish tashabbusini ham ilgari surishini ma’lum qildi. Uning fikricha, texnologik kompaniyalar Nyu-Yorkda faoliyat yuritsa, bundan shtat aholisi ham iqtisodiy foyda ko‘rishi kerak.

Qaror texnologiya sanoatida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim biznes uyushmalari va sanoat vakillari moratoriy Nyu-Yorkning sun’iy intellekt sohasidagi raqobatbardoshligini pasaytirishi, milliardlab dollarlik investitsiyalar hamda yangi ish o‘rinlarini boshqa shtatlarga yo‘naltirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Ekologlar va ayrim qonunchilar esa bu qarorni elektr tarmoqlari, atrof-muhit va mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur qadam sifatida baholamoqda.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda IT universiteti ochilib, SI uchun $5 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi haqida yozgandi.