Qonunchilik palatasi deputatlari “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish maskanlari, sanatoriylar, shuningdek davlat va xususiy tibbiyot muassasalari xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kelgan zahoti turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Biroq amaliyotda ayrim tashkilotlar ushbu majburiyatni bajarmayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan qonun loyihasida bunday muassasalarning xorijliklarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmagani yoki ularning ma‘lumotlarini E-mehmon axborot tizimiga kiritmagani uchun javobgarligini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, hujjat amaldagi qonunchilikni fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunga muvofiqlashtiradi.

Xususan, barcha qonun hujjatlarida ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atamalar va huquqiy mexanizmlar birxillashtiriladi.

Loyiha bilan bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi” hamda “vaqtinchalik yashash joyi” tushunchalari mos ravishda “yashash joyi” va “turgan joyi” atamalari bilan almashtirilishi nazarda tutilgan.

Spot, avvalroq, kiberjinoyatlarga qarshi kurashga oid ikkita qonun loyihasi Senatga yuborilgani haqida yozgandi.