Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuv o‘rganilgach, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ini ma‘muriy javobgarlikka tortdi. Kadrlarda obodonlashtirish xizmati xodimlari anomal jazirama vaqtida, kunduz kuni Shota Rustaveli ko‘chasida ishlagani aks etgan.

Maʼlum qilinishicha, tekshiruv davomida xodimlarga qonunchilik talablariga muvofiq zarur mehnat sharoitlari yaratilmagani aniqlangan.

Mazkur qonunbuzilishlar yuzasidan boshqarma boshlig‘i Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan ma‘muriy javobgarlikka tortildi. Ushbu modda mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgani uchun BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (hozirda — 2,06 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha) jarima solishni nazarda tutadi.

Tekshiruvga ijtimoiy tarmoqlarda e‘lon qilingan video sabab bo‘ldi. Video tarqalgach, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi Gulnoza Alimova o‘zining Telegram-kanalida inspeksiya holatni o‘rganishini va qoidabuzarliklar tasdiqlansa, mas‘ullarga nisbatan chora ko‘rilishini ma‘lum qilgandi.

Anomal jazirama fonida Davlat mehnat inspeksiyasi, shuningdek, barcha hokimliklarga ochiq havoda ishlaydigan xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi.

Hujjatda soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni vaqtincha to‘xtatib turish va xodimlarni moslashuvchan ish jadvaliga o‘tkazish, ularni ichimlik suvi, salqin joylarda dam olish uchun sharoit, shaxsiy himoya vositalari bilan ta‘minlash, shuningdek, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy qarshi ko‘rsatmalari bor shaxslarni ishga qo‘ymaslik talab etilgan.

Inspeksiya ko‘rsatmalar ijrosi alohida nazoratda ekanini hamda mehnat muhofazasi talablarini buzgan ish beruvchilar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, deyarli 1,5 ming nafar o‘zbekistonlik o‘z xabarisiz ishga joylashtirilganidan shikoyat qilgani haqida yozgandi.