Umed Rahimov — Stanbase.tech platformasi rahbari va asoschisi, tadbirkor. Platforma Markaziy Osiyo hamda Kavkazdagi startaplarni investorlar bilan bog‘lab, asoschilarga sarmoya jalb qilish, investorlarga esa istiqbolli loyihalarni topishda yordam beradi.
Dastavval, Umed vazifa.tj (Tajwork) servisiga asos solib, keyinchalik uni muvaffaqiyatli sotgan. Shundan so‘ng mintaqaning venchur ekotizimini rivojlantirishga e’tibor qarata boshlagan.
Tadbirkorlikdan tashqari, u startaplar, investitsiyalar va innovatsiyalar mavzusidagi podkastlari orqali texnologik hamjamiyat rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. 2026-yilda Toshkentda o‘tkazilgan CEVF forumida Umed Markaziy Osiyoning eng yaxshi texnologik influenseri deb topilgan.
Rahimov Spot’ga biznes, investitsiya va matnlar bilan ishlash yondashuviga ta’sir ko‘rsatgan asarlar haqida o‘rtoqlashdi. Ro‘yxatdan venchur fikrlash, marketing, startaplar va tadbirkorlar hikoyalari haqidagi kitoblar o‘rin olgan.

Stanbase.tech rahbari va asoschisi.
Jiddiy o‘qishni talabalik yillarimdan boshlaganman — kitobga bo‘lgan muhabbatdan emas, zaruratdan. Kichik shahardan katta shaharga ko‘chib, butunlay boshqa til muhitiga tushib qoldim. Yangi tilni o‘zlashtirishning eng samarali yo‘li esa imkon qadar ko‘proq kitob o‘qish ekanini angladim.
Badiiy adabiyot tom ma’noda nutqimni shakllantirdi. Keyinchalik texnik sohadan biznesga o‘tganimda, kitoblar yana o‘zimni qayta shakllantirishimga yordam berdi — endi ular ishbilarmonlik tafakkurimni rivojlantirish vositasiga aylandi.
Zarurat tufayli shakllangan bu odat esa umrimning ajralmas qismiga aylandi. Hozir bunga avvalgidan ham qattiqroq ishonaman. Sun’iy intellekt tobora bizning o‘rnimizga o‘ylayapti, mutolaa esa mustaqil fikrlash qobiliyatini yo‘qotmaslikning deyarli yagona yo‘lidir.
Men uchun bu ish quroli ham. Ko‘p yozaman, kanal va podkastlar yuritaman, kitoblar esa tizimli fikrlashga va o‘z fikrimni aniq ifodalashga o‘rgatadi. Odamlar deyarli o‘qishni yig‘ishtirib, videoga o‘tib ketishdi, shu sababli matn orqali ularning e’tiborini tortish tobora qiyinlashib bormoqda. Sizni oxirigacha o‘qishlari uchun yoza olish mahorati esa yanada qimmatliroq bo‘lyapti.
Toshkentda yashaganimga bir-ikki yil bo‘lib, ellikka yaqin kitobim yig‘ilib qoldi. Ularning asosini mening soham — venchur, marketingga oid biznes adabiyotlar va biografiyalar tashkil etadi. Lekin badiiy adabiyot uchun doim joy topiladi, axir hammasi aynan o‘shandan boshlangan-da.
Doim kitob sotib olaveraman, ko‘pincha avvalgilarini o‘qib tugatishga ulgurmasimdanoq yangilarini olaman. Mutolaa allaqachon jadval bo‘yicha mashg‘ulot bo‘lmay qoldi. Bo‘sh vaqtim bo‘lganda kitobni ochib, to‘xtagan joyimdan davom ettiraman. Bu kunimning bir qismi, boshqa ko‘p narsalar kabi.
Qog‘oz kitoblarni yaxshi ko‘raman va, ehtimol, hamisha yaxshi ko‘rsam kerak, lekin rostini aytsam, PocketBook ularning o‘rnini munosib egalladi. Ko‘z charchamaydi, butun kutubxona doim cho‘ntakda, istagan joyda o‘qish mumkin. Riderni qancha o‘qiganimni ko‘rib, menga sovg‘a qilishdi va o‘shandan beri u doim yonimda.
“Venchur zehniyati”, Ilya Strebulayev
Bu kitob venchur sarmoyadorlarining fikrlash tarzi qanday tuzilgani va nima uchun u odatiy biznes mantig‘idan keskin farq qilishi haqida. Strebulayev o‘n yildan ortiq Stenfordda dars berib kelmoqda hamda deyarli barcha Amerika “yakkashox"lari haqida ma’lumotlar to‘plagan, shuning uchun har bir xulosa ortida intuitsiya emas, balki tadqiqot turadi.
Asosiy g‘oya shundan iboratki, venchur investitsiyalari mutlaqo boshqa qoidalar asosida ishlaydi. Bu yerda asosiy maqsad xatolardan mutlaqo qochish emas, balki barcha yo‘qotishlarni qoplay oladigan noyob va yirik muvaffaqiyatlarni topishdir. Bitta ulkan muvaffaqiyat o‘nlab muvaffaqiyatsiz investitsiyalardan ham muhimroq sanaladi. Shu sababli, butun qaror qabul qilish tizimi aynan shu tamoyil asosida quriladi.
Kitobdan yodda qoladigan eng muhim tamoyillar: faqat g‘oyaga emas, balki uni amalga oshirayotgan odamlarga ishonish. Jamoadagi fikrlar xilma-xilligini qadrlash, aksincha, hamma juda tez bir fikrga kelganida ehtiyot bo‘lish. Kutilgan natijani bermayotgan loyihalarni o‘z vaqtida to‘xtata bilish va muvaffaqiyat alomatlari ko‘rinayotgan tashabbuslarga esa yanada ko‘proq resurs yo‘naltirish.
Jiddiy mavzu bo‘lishiga qaramay, o‘qish oson, chunki har bir tamoyil Silikon vodiysidagi jonli misollar bilan tahlil qilingan. Undan keyin muvaffaqiyatsizliklarga xotirjamroq qaraysiz va nafaqat investitsiya stavkalari, balki har qanday stavkalarni ham boshqacha baholaysiz.
Mening ishim to‘liq venchurga bog‘liq, va aynan shu kitob nima uchun bu sohada qolganimni ko‘p jihatdan izohlab beradi. U mening bozor va tavakkalchilikka bo‘lgan munosabatimni qayta ko‘rib chiqdi.
Bu kitobni venchurga kirmoqchi bo‘lgan yoki shunchaki natijasi oldindan aytib bo‘lmaydigan joylarda qaror qabul qilishni o‘rganmoqchi bo‘lgan barchaga maslahat beraman.
“Qora oqqush”, Nasim Taleb
Bu kitob oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan, ammo oxir-oqibat hamma narsani o‘zgartirib yuboradigan noyob voqealar haqida. Nassim Taleb bunday hodisalarni “qora oqqushlar” deb ataydi. U insonlarning sodir bo‘lgan voqealarni keyinroq mantiqiy izohlab, go‘yoki ularni oldindan bilish mumkin bo‘lgandek tasavvur qilishga moyilligini ko‘rsatadi. Aslida esa dunyoni to‘liq bashorat qilishning imkoni yo‘q.
Asosiy g‘oya shundan iboratki, eng muhimi bashoratning aniqligi emas, balki uning amalga oshmay qolishiga tayyor bo‘lishdir. Shu bois eng ehtimoliy ssenariyga emas, balki eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kutilmagan ssenariylarga ham tayyorgarlik ko‘rish zarur.
Mavzuning jiddiyligiga qaramay, Talebning jonli, o‘ziga xos xarakter va provokatsion ruh bilan yozishi kitobni yanada qiziqarli qiladi. Shu bois asarni qo‘lga olganingizdan keyin chetga qo‘yish qiyin.
Ushbu kitobdan so‘ng tavakkalchilikka, bashoratlarga va kelajakni bashorat qilish mumkinligiga bo‘lgan ishonchingizga boshqacha qaraysiz. Bu, ayniqsa, hamma narsani rejalashtirishga odatlanganlar uchun foydali.
Uni menga Zypl jamoasi Tojikistonda filmimizni suratga olish paytida sovg‘a qildi va bu nishonga aniq tegdi. Biznes qurayotgan yoki sarmoya kiritayotgan, ya’ni noaniqlik istisno emas, balki me’yor bo‘lgan muhitda ishlayotgan barchaga tavsiya qilaman.
“Marketing asoslari”, Filip Kotler
Bu marketologlarning bir necha avlodi ulg‘aygan klassik asar. Biroq men uni faqat marketologlar uchun emas, balki har bir inson o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblardan biri deb hisoblayman. Chunki u talab qanday shakllanishi, qiymat qanday yaratilishi va marketing aslida qanday ishlashini tushuntirib beradigan mustahkam poydevorni yaratadi.
Kotler asarni eng oddiy, ammo muhim tushunchalardan — ehtiyoj, istak va to‘lov qobiliyati bilan qo‘llab-quvvatlangan talab o‘rtasidagi farqni tushuntirishdan boshlaydi. Shundan so‘ng u auditoriyani segmentlash, mahsulot, narx belgilash, sotuv kanallari va marketing kommunikatsiyalarigacha bo‘lgan butun tizimni bosqichma-bosqich, g‘ishtma-g‘isht qurib beradi.
Bu kitobning eng katta qiymati uning fundamentalligida. Asardagi asosiy tamoyillarni bir marta chuqur anglab olsangiz, keyinchalik istalgan reklama, mahsulot yoki marketing kampaniyasi ortidagi mantiqni osongina ko‘ra boshlaysiz.
Kitob usullar to‘plami sifatida emas, balki tizim sifatida o‘qiladi. Undan keyin marketing sehriga ishonmay qo‘yasiz va har bir muvaffaqiyatli ishga tushirish ortidagi tuzilmani payqay boshlaysiz.
Bu kitobni texnik sohani tark etib, biznesga o‘tganimda, faqat ichki sezgiga tayanish yetarli emasligini anglagach o‘qiganman. Garchi “marketing” so‘zi ko‘pchilikka begona yoki faqat mutaxassislar uchundek tuyulsa ham, men uni mahsulot yaratayotgan, biznes qurayotgan yoki umuman biror narsa sotayotgan har bir insonga tavsiya qilaman.
“Yoz, qisqartir”, Maksim Ilyaxov
Bu kitob o‘qishga emas, o‘qib ketishga majbur qiladigan matnlarni qanday yozish haqida. Maksim Ilyaxov va Lyudmila Saricheva matnlar nima uchun sust va ta’sirsiz chiqishini tahlil qiladi hamda ma’no qo‘shmaydigan barcha ortiqcha so‘z va iboralarni olib tashlashni o‘rgatadi.
Kitobning asosida axborot uslubi tamoyili yotadi. Mualliflar baholovchi so‘zlar, qolip iboralar va ortiqcha jumlalardan voz kechib, faktlarga, foydaga va o‘quvchining vaqtiga hurmat bilan yondashishni o‘rgatadi. Har bir qoida amaliy misollar orqali — matnning “oldin” va “keyin"gi talqini bilan tushuntirilgani sababli, natijadagi farq darhol seziladi.
Alohida kitob tuzilishga, o‘quvchi fikrni birinchi martadayoq tushunishi va o‘rtasida tashlab ketmasligi uchun matnni qanday tuzishga o‘rgatadi. Tez o‘qiladi va yozish uslubingizni deyarli darhol o‘zgartiradi. Samara bir necha oylik amaliyotdan keyin emas, balki keyingi xat yoki postdayoq seziladi.
Men har kuni kanal va podkastlar uchun yozaman va Ilyaxov tom ma’noda qo‘limni to‘g‘riladi, so‘zlar ortida ma’noni yashirmaslikni o‘rgatdi. Agar sizning ishingiz matnlar bilan bog‘liq bo‘lsa, bu albatta o‘qilishi kerak.
Stiv Jobs dan Ilon Maskkacha bo‘lgan tarjimayi hollar
Bir kitobni emas, butun bir janrni alohida olib chiqaman. Men kuchli tadbirkorlarning tarjimai hollarini doimo o‘qiyman va ularni motivatsiya va amaliyotning yetarlicha baholanmagan manbai deb hisoblayman.
Tarjimayi hollarning eng katta qiymati shundaki, ular sayqallangan muvaffaqiyat hikoyasini emas, balki shubhalar, xatolar, ziddiyatlar va tavakkal qarorlarga to‘la haqiqiy yo‘lni ko‘rsatadi. Har qanday mashhur ism ortida natijaga hech qanday kafolat bo‘lmagan holda qaror qabul qilgan oddiy inson turadi.
Jobs mahsulot va detalga mukkasidan ketishni, Mask esa sog‘lom fikrga qarshi borishni va ko‘pchilik aqlsizlik deb hisoblaydigan tavakkalchilikni o‘z zimmasiga olishga tayyor turishni o‘rgatadi. Ikkala tomonni ham ko‘rish foydali.
Bunday kitoblar aniq usullarni o‘rgatmaydi. Ular tafakkur ko‘lami, xarakter va qiyin vaziyatlarda qanday qaror qabul qilishni ko‘rsatadi. Yaxshi tarjimayi holni o‘qigandan so‘ng shaxsiy maqsadlar kattaroq, o‘zingizga bo‘lgan talab esa balandroq bo‘lib tuyula boshlaydi.
Qiyin paytlarda aynan shunday kitoblar menga har bir yirik kompaniya ortida bir vaqtlar noldan boshlagan inson turganini eslatib turardi. Shuning uchun bu kitobni yo‘riqnoma emas, balki namuna va qat’iyat izlayotgan har bir insonga tavsiya qilaman.


“Milliardlik startap”, Maksim Spiridonov
Yirik kompaniyalarni qurgan va sotgan odamlardan raqamli biznesni yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘llanma. Kitob g‘oya va birinchi jamoadan tortib, kengayish va chiqishgacha bo‘lgan butun siklni boshdan kechiradi.
Kitobning kuchli tomoni uning amaliyligidadir. Bu umuman tadbirkorlik haqida o‘ylash emas, balki asoschi har bir bosqichda duch keladigan aniq mexanikalar, andozalar va savollarga javoblardir.
Mualliflar odatiy boshlang‘ich xatolarni halol tahlil qiladilar va bu ba’zi joylarda maslahatlardan ko‘ra qimmatliroqdir, chunki u oldindan o‘ylamagan qiyinchiliklarni oldini olishga yordam beradi. Kitob stol ustidagi uslubiyot kabi ishlaydi. Unga bir necha marta qaytiladi, chunki biznesning turli bosqichlarida unda har xil narsalarni payqaysiz.
Birinchi kompaniyamni tashkil etayotganimda, bu kitob men uchun deyarli bosqichma-bosqich yo‘l-yo‘riq vazifasini bajargan. U har bir muhim bosqichda nimalarga e’tibor berish va qanday qaror qabul qilish kerakligini ko‘rsatib turardi. Shuning uchun bugun ham birinchi startapini boshlayotgan har bir insonga bu kitobni qo‘l ostida saqlashni tavsiya qilaman.






