Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha nuqtayi nazarini bayon qildi.
Avvalo, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish muhimligi taʼkidlandi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.
Mintaqaning xalqaro subyekt sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun davlatlararo tashkilotlar va Markaziy Osiyo plyus formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish talab etiladi.
Markaziy Osiyoni kadrlar salohiyati, sunʼiy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylantirish masalasi istiqbolli vazifalar qatorida ko‘rsatib o‘tildi.



Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi alohida taʼkidlandi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar chegara bilmaydi, shunday ekan ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.
“Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir”, — dedi davlat rahbari.
Hamkorlikning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlari orasida gumanitar aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi.
“Umummintaqaviy o‘ziga xoslik, xalqlarimizning milliy o‘zligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Bu hamkorligimizni yangi, yana-da chuqurroq gumanitar mazmun bilan boyitishni talab etmoqda”, — dedi mamlakat yetakchisi.
O‘zbekiston prezidenti nutqining yakunida umumiy kuch — birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy intilishda ekanini yana bir taʼkidladi.






Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham so‘zga chiqib, mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qildilar.
Sammit yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston qanday qilib Markaziy Osiyoning aviatsiya xabiga aylanishi mumkinligi haqida yozgandi.








