O‘zbekistonda aviachiptalar narxi aholi daromadlariga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Bu haqda TXIF doirasidagi panel sessiyada BCG kompaniyasining boshqaruvchi direktori va katta hamkori, Sayohat, shaharlar va infratuzilma amaliyoti rahbari Suresh Subudhi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo 2025-yilda qariyb 60 mln yo‘lovchi bilan dunyodagi eng tez rivojlanayotgan aviatsiya submintaqasiga aylandi. O‘zbekiston esa unda yetakchilik qilmoqda. Yo‘lovchilar sonining o‘sishi ham, aviakompaniyalar taklif qilayotgan o‘rindiqlar hajmi ham rekord sur’atlarda ortmoqda.


Suresh Subudhi O‘zbekistonda aviatsiya o‘sishi iqtisodiy o‘sishdan qariyb 2,5 barobar yuqori bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Xususan, 2019−2025-yillarda aviayo‘lovchilar soni 6,5 mln nafardan 15,5 mln nafarga (o‘rtacha yillik o‘sish 16%) yetgan bo‘lsa, havo yuk tashuvlari hajmi 49,4 ming tonnadan 98,1 ming tonnagacha (+12%) oshgan. Taqqoslash uchun, mamlakat real YIMining o‘rtacha yillik o‘sishi ($107,4 mlrddan $152,4 mlrdgacha) 6% ni tashkil etgan.
So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekistonga parvoz qilayotgan aviakompaniyalar soni qariyb to‘rt baravarga oshgan. Ekspertning ta’kidlashicha, bu mamlakatdagi talabning ortib borayotgani bilan bog‘liq.
Taqdimotga ko‘ra, 2017-yilda mamlakatga 16 ta aviakompaniya aviaqatnovlarni bajargan bo‘lsa, shundan bittasigina mahalliy aviatashuvchi bo‘lgan. 2025-yilga kelib esa ularning jami soni 68 taga yetdi hamda milliy tashuvchilar 17 tani tashkil etdi. Shunga qaramay yangi kirib kelgan aviakompaniyalarning asosiy qismi xorijiy tashuvchilardir.

“Bu hali boshlanishi, xolos. Chunki hali ham O‘zbekistonda o‘rtacha aviachipta narxi aholining taxminan 25 kunlik ish haqi miqdoriga teng. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich to‘rt kunlik ish haqiga, rivojlangan davlatlarda esa bir kunlik daromadga teng. Tasavvur qiling, agar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad oshsa, kelajakda qanday ulkan bum guvohi bo‘lamiz”, — dedi Subudhi.
Uning fikricha, bu o‘sishni ta’minlash uchun va investorlar ushbu salohiyatni ko‘rayotgan bir paytda, ular tabiiy ravishda bu sohaga sarmoya kiritmoqda. Sarmoyalar nafaqat aviatsiya tarmog‘iga, balki iqtisodiyotning boshqa ko‘plab yo‘nalishlariga ham yo‘naltirilmoqda. So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekistonga kirib kelgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 10 barobarga oshdi. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich $40 mlrdga yaqinlashdi.
Bundan tashqari, DXSH loyihalari faol rivojlanmoqda. Hozirgi tendensiyalarga qaraganda, xususiy sektor ishtirokida 2030-yilgacha har yili kamida bittadan yangi aeroport loyihasi amalga oshirilishi mumkin.

BCG vakili O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi qulay geografik joylashuvi tufayli yirik tranzit koridoriga aylanish imkoniyatiga egaligini qayd etdi. Hozir tranzit yo‘lovchilar ulushi atigi 3% ni tashkil qiladi.
Vaholanki, bu ko‘rsatkichni 20% gacha oshirish mumkin. Taqqoslash uchun, dunyoning yirik aviahablari hisoblangan Dubay va Istanbul aeroportlarida tranzit yo‘lovchilar ulushi 40−70% atrofida.
Turizm ham ulkan salohiyatga ega. Markaziy Osiyoda bir nechta davlatlarni qamrab oluvchi sayohat yo‘nalishining tarkibiy qismlari mavjud. O‘zbekistonga yiliga qariyb 11 mln xorijiy sayyoh tashrif buyuradi. Qozog‘istonda ham bu ko‘rsatkich 11 mln atrofida. BAA esa yiliga qariyb 30 mln sayyohni qabul qiladi.
2025-yilda aviakompaniyalar sig‘imi bo‘yicha Qozog‘iston 35 mln o‘rindiq bilan mintaqada yetakchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston 17 mln o‘rindiq bilan ikkinchi, Qirg‘iziston 7 mln, Tojikiston va Turkmaniston esa 4 mln o‘rindiq bilan keyingi o‘rinlarda turadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ichidagi parvozlar umumiy aviatsiya sig‘imining atigi 4% ini tashkil etadi. Asosiy yo‘lovchi oqimi ichki reyslar yoki Yevropa hamda Osiyoning boshqa yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

“Markaziy Osiyoda turizm salohiyati hozirgi hajmdan kamida uch baravar oshishi mumkin. Biroq buning uchun mintaqani yagona turistik hudud sifatida shakllantirish zarur. Bu esa Markaziy Osiyo hududidagi havo qatnovlarini rivojlantirishni talab qiladi. Hozir mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar ulushi juda pastligicha qolmoqda. Ichki aviatsiyasini rivojlantirish esa turizm salohiyatini to‘liq ochish uchun muhim omildir.”, — deya qayd etdi Suresh Subudhi.
Uning qayd etishicha, aviatsiya sohasidagi o‘sishdan maksimal foyda olish uchun quyidagi oltita yo‘nalish hal qiluvchi ahamiyatga ega:
- xabga tayyor aeroport tizimi;
- o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi tartibga solish;
- to‘g‘ri yo‘nalishlar va mos samolyotlar;
- raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlari;
- malakali kadrlar;
- loyihalarni vaqtida va belgilangan budjet doirasida amalga oshirish.
Shu bilan birga, u imkoniyatlar juda kattaligini, biroq ayniqsa O‘zbekiston sharoitida e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak bo‘lgan uchta asosiy masala mavjudligini bildirdi.
Birinchi muammo — xab aeroportlar uchun raqobat. Qozog‘iston ham, Ozarbayjon ham yirik aeroport loyihalarini amalga oshirmoqda. Shuning uchun O‘zbekistonning tranzit markazga aylanishi avtomatik ravishda kafolatlanmagan.
Ikkinchi muammo — infratuzilma loyihalarini vaqtida va belgilangan budjet doirasida yakunlash. Dunyo amaliyotida buning aksi bo‘lgan misollar ko‘p. Masalan, Berlin Brandenburg aeroporti loyihasi dastlabki xarajatlardan 3,5 barobar qimmatga tushgan va foydalanishga topshirilishi 9 yilga kechikkan.
Yana bir muhim chaqiriq shundaki, hozir O‘zbekistonda 50 ga yaqin aviakompaniya faoliyat yuritmoqda. Biroq tajriba shuni ko‘rsatadiki, bozor liberallashgach barcha tashuvchilar ham muvaffaqiyat qozonavermaydi. Raqobatbardoshlikni oshirish va transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish zarur bo‘ladi.
“Shunday qilib, bugungi kunda O‘zbekiston aviatsiya sohasida uchta asosiy chaqiriq bilan yuzma-yuz turibdi: aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy xab uchun raqobatda muvaffaqiyat qozonish va aviakompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish. Aynan shu omillar kelgusi yillardagi muvaffaqiyatni belgilab beradi”, — deya xulosa qildi BCG boshqaruvchi direktori Suresh Subudhi.
Avvalroq Spot YTTB O‘zbekistonni pensiya islohotida Yevropa xatosini takrorlamaslikka chaqirgani haqida yozgan edi.

