O‘zbekiston moliya sohasida investorlarni jalb qilish bo‘yicha bo‘shliqlar mavjud. Bu haqda 16-iyun kuni poytaxtda o‘tkazilgan TXIF doirasidagi panel sessiyasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Moliyaviy institutlar biznes guruhi rahbari va boshqaruvchi direktori Frensis Malij ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat faxrlansa arziydigan ko‘p narsalarga ega. Chunki O‘zbekiston qisqa vaqt ichida global investorlar xaritasida o‘z o‘rnini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, ayniqsa moliya sektorida ko‘p.

“Moliya sektori hozircha ideal holatda emas. Hali hanuz davlat banklari unda ancha ustunlikka ega. Xususiy banklar esa juda kichik. Mamlakatda birorta bankning sezilarli listinggi amalga oshirilmagan. Bilvosita joylashtirish esa faqatgina UzNIF orqali mavjud, xolos”, — dedi Malij.

Agar mamlakat investorlarni jalb qilmoqchi bo‘lsa, avvalo investitsiya bazasini yaratishi kerak. Buning uchun quyidagi muhim yo‘nalishlarni e’tiborga olish mumkin:

  • ko‘proq kompaniyalarni fond bozoriga olib chiqish va kapital bozorlarini rivojlantirish;
  • hayot sug‘urtasi, pensiya jamg‘armalari va boshqalardan iborat jamg‘arma institutlarini rivojlantirish.

Frensis Malijning o‘z tajribasiga tayanib ta’kidlashicha, yirik investorlar odatda bozor allaqachon faol bo‘lgandagina kirib keladi. Shuning uchun Franklin Templeton, Fidelity kabi yirik investorlarni taklif qilib, “jo‘shqin bozorni shakllantira olamiz”, deb o‘ylaydigan davlatlar muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Chunki bir vaqtning o‘zida ichki investorlar bazasini ham shakllantirish zarur.

YTTB boshqaruvchi direktori bu O‘zbekiston oldida turgan vazifalardan biri ekanligiga, ayniqsa, islohotlarni yosh avlod o‘sib borayotgan bir vaqtda amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, u pensiya islohotini amalga oshirishda Yevropa yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlashdan qochishga chaqirdi.

“Yevropa davlatlari kabi demografik omillarni hisobga olmasdan pensiya tizimlarini yaratishdek xatoga yo‘l qo‘ymang. Sizning afzalligingiz shundaki, hozir har bir pensionerga ko‘p sonli ishchilar to‘g‘ri keladi. Aynan hozir mamlakatda zamonaviy va samarali kapital bozorlarini yaratish uchun eng maqbul payt. Bu esa YTTB yordam bera oladigan yo‘nalishlardan biridir”, — deya xulosa qildi Frensis Malij.

2026-yilgi davlat dasturi bilan O‘zbekistonda yil oxirigacha pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqilishi belgilangan. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish, ayrim davlat xizmatlarini proaktiv ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Spot Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshlagani haqida yozgan edi.