Bosh prokuratura huzuridagi Departament Toshkent shahrida 19,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larining talon-toroj qilinish holatini aniqladi.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Hududgazta’minot va Texnopark’ning mas’ul shaxslari hamda boshqalar o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida 19 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, Texnopark ishlab chiqargan va Hududgazta’minot tomonidan iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 ta gaz hisoblagichi gaz sarfini kam hisoblagani aniqlangan.

Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 861,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Spot Toshkentda 3 mingdan ortiq soxta cheklar orqali 1,4 mlrd so‘mlik keshbek olganlar ushlangani haqida yozgandi.