Toshkent shahrida 1,4 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Soliq qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda E.P., M.M. va E.S. MCHJlar mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Ular o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan. Savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, mahsulotlar fuqarolarga sotilganligi haqida 3 363 dona xarid cheklarini shakllantirgan.
Undan keyin, mazkur shaxslar ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berib, 1,4 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zlashtirilayotgan keshbeklar
Iyun oyida Andijon viloyatida bir guruh shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda keshbek sifatida o‘zlashtirgani fosh etilgandi. Shuningdek, Farg‘onada ham 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS sxemasi aniqlangandi.
Iyul oyi boshida esa Navoiyda ham soxta keshbek sxemasi orqali 34,8 mlrd so‘m talon-toroj qilindi. 13 ta korxona mas‘ullari 4,5 trln so‘mlik soxta EHFlarning rasmiylashtirib, 105 mingdan ortiq fuqaro nomiga noqonuniy keshbek hisoblatgan. Jizzaxda soxta keshbek sxemasi orqali 1,9 mlrd so‘m talon-toroj qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda xaridlar uchun beriladigan 1%lik soliq keshbeki tizimidan bosqichma-bosqich voz kechishni taklif qildi.
Tahlilga ko‘ra, keshbek uchun budjet xarajatlari 2022-yildagi 820 mlrd so‘mdan 2026-yilda 1,8 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, tizim samaradorligi pasayib, ayrim hollarda soxta fiskal cheklar orqali noqonuniy keshbek olish holatlari ham kuzatilmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalar uchun mol-mulk va yer soliqlari 10 baravar oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.