Navoiy shahrida soxta keshbek sxemasi orqali 34,8 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
13 ta korxonaning mas‘ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 4,5 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan.
Shundan so‘ng ular savdodan tushgan mablag‘lar go‘yoki nazorat-kassa texnikalari orqali qabul qilingandek ko‘rsatib, fuqarolarga mahsulot sotilgani to‘g‘risida xarid cheklarini shakllantirgan.
Natijada 105 524 nafar fuqaro nomiga Soliq mobil ilovasi orqali jami 34,8 mlrd so‘m keshbek hisoblanib, ushbu mablag‘lar o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Iyun oyida Andijon viloyatida bir guruh shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda keshbek sifatida o‘zlashtirgani fosh etilgandi. Shuningdek, Farg‘onada ham 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS sxemasi aniqlangandi.
Spot, avvalroq, quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 156 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘lanishi haqida yozgandi.