Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi 1,9 mlrd so‘m budjet mablag‘i soxta keshbek sxemasi orqali talon-toroj qilinganini aniqladi.
Tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar R.A. va T.Sh., shuningdek, B.R. hamda A.A. korxonalari mas‘ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 16,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta ma‘lumotlarni rasmiylashtirgani aniqlangan.
Ular savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali qabul qilingandek ko‘rsatib, 3 106 ta xarid chekinishakllantirgan.
Shundan so‘ng ushbu cheklar asosida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq ilovasi orqali keshbek to‘langan va 1,9 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish hamda rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aytilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zlashtirilayotgan keshbeklar
Iyun oyida Andijon viloyatida bir guruh shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda keshbek sifatida o‘zlashtirgani fosh etilgandi. Shuningdek, Farg‘onada ham 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS sxemasi aniqlangandi.
Iyul oyi boshida esa Navoiyda ham soxta keshbek sxemasi orqali 34,8 mlrd so‘m talon-toroj qilindi. 13 ta korxona mas‘ullari 4,5 trln so‘mlik soxta EHFlarning rasmiylashtirib, 105 mingdan ortiq fuqaro nomiga noqonuniy keshbek hisoblatgan.
Keyinroq O‘zbekistonda soliq keshbekidan voz kechish, o‘rniga lotereyalar chiqarish etildi.
Spot, avvalroq, Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalar uchun mol-mulk va yer soliqlari 10 baravar oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.