So‘nggi yillarda OSON to‘lov xizmati doirasidan chiqib, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi loyihalarni birlashtirgan xalqaro xoldingga aylandi. OSON Holding asoschisi va kuzatuv kengashi raisi Farhod Mahmudov Spot’ga bergan intervyusida Dubaydagi litsenziya, yangi mahsulotlarning yaratilishi hamda kompaniyaning yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalari haqida so‘zlab berdi.
OSON mahalliy to‘lov servisidan xalqaro moliyaviy infratuzilmaga aylanish jarayonida xolding formatiga o‘tdi.
Bugungi kunda xolding tarkibiga bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakatda faoliyat yurituvchi 15 ta kompaniya kiradi. Bizning asosiy bozorlarimiz bu O‘zbekiston, Qozog‘iston va Birlashgan Arab Amirliklari. 2025-yilda biz 35 mlndan ortiq tranzaksiyaga xizmat ko‘rsatdik, foydalanuvchilarimiz soni esa 3 mlndan oshdi. Xoldingning umumiy yillik aylanmasi bugungi kunda $455 mlndan ortiqni tashkil etadi.

Kompaniya kengaygani sari barcha aktivlarni yagona xolding tuzilmasiga birlashtirish zarurati tug‘ildi. Bu korporativ boshqaruv, risk-menejment, axborot xavfsizligi va komplayens bo‘yicha yagona standartlarni joriy etish hamda yangi bozorlarni tezroq rivojlantirish imkonini berdi.
Xalqaro biznes shaffoflik va nazorat tizimiga yuqori talablar qo‘yadi. Shu bois OSON xoldingi global standartlar asosida ishlaydi va bu kelgusi xalqaro ekspansiya uchun poydevor vazifasini bajaradi.
Nega aynan Dubay?
Dubayda OSON MENA divizionining ochilishi xalqaro strategiyamizning asosiy qadamlaridan biri bo‘ldi. Biz bu shaharni kuchli tartibga solish tizimiga va xalqaro biznes uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan dunyoning eng yirik moliyaviy markazlaridan biri sifatida tanladik.
BAA bozoriga kirishdagi eng katta qiyinchilik Dubay moliya xizmatlarini tartibga solish boshqarmasi (DFSA) litsenziyasini olish bo‘ldi. Bu, shubhasiz, kompaniyamiz tarixidagi eng yirik loyihalardan biridir. Nazorat qiluvchi boshqarma axborot xavfsizligi, ichki jarayonlar, jamoa salohiyati, xatarlarni boshqarish tizimini sinchkovlik bilan tekshirdi.
2026-yilning mart oyida biz to‘lov vositalarini chiqarish va hisobvaraqalarga xizmat ko‘rsatish huquqini beruvchi 3C toifasidagi yakuniy litsenziyani qo‘lga kiritdik. Bu biz uchun marketing maqomi emas, balki eng qat’iy xalqaro standartlarga mos ekanimizning tasdig‘idir. Aynan shu litsenziya biz uchun mutlaqo boshqa darajadagi muzokaralarga yo‘l ochib, kelgusi xalqaro rivojlanishimiz uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Turli mamlakatlardan odamlarni bir joyga to‘plab, xalqaro ofis qurib bo‘lmaydi. Shu bois, Dubaydagi jamoamiz — OSON ichida o‘sib, biznesni ich-ichidan biladigan mutaxassislar hamda fintex va regulyatsiya sohasida xalqaro tajribaga ega professionallar uyg‘unligidan iborat. Bugungi kunda Dubay ofisi strategik qarorlar qabul qilinadigan, xoldingning xalqaro rivojlanishini boshqarish bo‘yicha to‘laqonli markaz hisoblanadi.

Dubay — raqobat juda kuchli bozor, shu bois biz yirik ishtirokchilarni ularning o‘z quroli bilan yengishga urinmaymiz. Bizning ustunligimiz — Markaziy Osiyo bozorlaridagi chuqur tajribamizdir. Biz mahalliy mentalitet, qonunchilik va foydalanuvchilarning odatlarini chetdan hech kim tushunmaydigan darajada yaxshi bilamiz. OSON — jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo va global kapital o‘rtasidagi ko‘prik, bizning noyobligimiz ham aynan shunda.
Mintaqalarni o‘zaro bog‘lovchi mahsulotlar
Xalqaro tuzilmani yo‘lga qo‘yganimizdan so‘ng, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarini o‘zaro bog‘laydigan mahsulotlarni rivojlantirish ustida ishlay boshladik.
Hayoti va biznesi ancha vaqtdan beri bir mamlakat bilan cheklanib qolmagan insonlar — tadbirkorlar, mutaxassislar, investorlar, bir vaqtning o‘zida bir nechta davlatda yashaydigan yoki ishlaydigan oilalar uchun OSON Neo platformasi ana shunday paydo bo‘ldi. Ularga tezkor xalqaro pul o‘tkazmalari, qulay hisobvaraqlar va ortiqcha qiyinchiliklarsiz raqamli kartalar kerak.
Yana bir yo‘nalishimiz — OSON X. Raqamli aktivlar bozori o‘sishda davom etmoqda va bu bozorga shaffof hamda tartibga solinadigan infratuzilma zarur. OSON X “Ostona” xalqaro moliya markazi (AIFC) yurisdiksiyasida rivojlanmoqda: biz allaqachon dastlabki rozilikni (IPA) olganmiz va litsenziyalash jarayonini yakunlayapmiz. Maqsadimiz — foydalanuvchilarga regulyatorlarning barcha talablariga javob beradigan raqamli aktivlar bilan ishlash uchun xavfsiz vosita taqdim etish.
Ekotizimning yana bir muhim qismi terminallar tarmog‘idir. U raqamli hamyonni to‘ldirib, odamlarga moliyaviy xizmatlardan jismonan foydalanish imkonini beradi.
Hozir biz bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda ish olib boryapmiz. Bir tomondan, MDH doirasida — Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda terminallar tarmog‘ini kengaytirmoqdamiz. Ikkinchi tomondan esa Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun infratuzilma tayyorlayapmiz.

Bu loyihalarning barchasi — yagona strategiyaning bir qismidir. OSON Neo transchegaraviy to‘lovlar va raqamli xizmatlar uchun mas’ul, OSON X raqamli aktivlar uchun infratuzilma yaratadi, terminallar esa moliyaviy xizmatlardan oflayn foydalanishni ta’minlaydi.
Xalqaro biznes bilan ishlash — alohida yo‘nalishdir. Biz bu vazifani o‘z zimmamizga olamiz. OSONning yagona dasturiy interfeysi bitta integratsiya orqali mintaqaning barcha mahalliy to‘lov vositalaridan foydalanish imkonini beradi.
O‘zbekiston biz uchun ona vatan bo‘lib qoladi
Xalqaro yo‘nalishning rivojlanishi e’tiborimizni O‘zbekistondan qaratdik degani emas. Aksincha, ichki bozor biz uchun asosiy bozor bo‘lib qolmoqda.
MDH divizionining operatsion boshqaruvini Xusanova Malika Anvarovnaga topshirdim. Bu qarorni mutlaqo mantiqiy va munosib deb bilaman.

Bugungi kunda mening asosiy vazifam — xalqaro strategiya, Yaqin Sharqni rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqishdir. Ustuvor vazifalarimiz qatorida OSON hamyonini yanada takomillashtirish, OSON Kassa ko‘lamini kengaytirish va biznes uchun yangi raqamli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bor.
Kompaniyamiz uchun yana bir muhim voqea — OSON O‘zbekistondagi ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar reestriga kiritilganidir. Kompaniya qanchalik kengaysa, uning ishonchliligi, barqarorligi va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar ham shunchalik ortadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston biz uchun asosiy bozor bo‘lib qolmoqda. Biz mavjud mahsulotlarni rivojlantirishga va yangi xizmatlarni ishga tushirishga sarmoya kiritishda davom etamiz.
Bu bozorda raqobat kuchaymoqda va men buni tabiiy hol deb bilaman. Bizning ustunligimiz bir vaqtning o‘zida bir nechta bozorda faoliyat yuritishimizdadir. Yaqin Sharqda orttirgan tajribamizni Markaziy Osiyoda tezroq moslashtirishimiz va joriy etishimiz mumkin.
Madaniyat va rejalar
Kompaniya xalqaro xolding darajasiga ko‘tarilganda, qaror qabul qilish tezligi va tadbirkorlik yondashuvini yo‘qotish xavfi doim mavjud bo‘ladi. OSON bilan shunday holat yuz bermasligi men uchun juda muhim.
Bizda g‘oya imkon qadar tezroq tayyor mahsulotga aylanishi lozim. Aynan shu yondashuv bizga o‘sish imkonini berdi va kompaniya qanchalik katta va murakkab bo‘lishidan qat’i nazar, biz uni saqlab qolmoqchimiz.
Biznes ko‘lami o‘zgardi, ammo ishga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgargani yo‘q. Hamon oldinga intilmoqdamiz va o‘z oldimizga bir necha yil avvalgiga nisbatan ancha yuqori darajadagi vazifalarni qo‘ymoqdamiz. Agar ilgari alohida bozorlar uchun mahsulotlar yaratgan bo‘lsak, endi bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakatda ishlaydigan va ularni o‘zaro bog‘laydigan moliyaviy infratuzilmani yo‘lga qo‘ymoqdamiz.
Yaqin uch-besh yilni Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqni o‘zaro bog‘lashga bag‘ishlaymiz. Biz xalqaro to‘lovlar uzoq kutishni talab qiladigan murakkab vazifa bo‘lib qolmasligini istaymiz.
Yangi bozorlarga shunchaki nomiga kirish — bizning yo‘limiz emas. Har bir yangi nuqta OSONni yanada kuchliroq, moliyaviy xizmatlarni esa yanada ommabop qilishi kerak.
Reklama huquqlari asosida.