Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi davlat rahbari tomonidan shakllantiriladi.
Shuningdek, unga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya rahbari boshchilik qiladi.
Hujjat bilan Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tashkiliy tuzilmasi, davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari, shuningdek mansabdor va boshqa xodimlari faoliyatining kafolatlari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasida Prezident Administratsiyasining davlat organlari va tashkilotlaridagi komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan hamkorligi ham nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, hujjatni tayyorlashda AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Tayvan, Qozog‘iston va Turkmaniston tajribasi o‘rganilgan. Ushbu davlatlarda Prezident administratsiyasi (kanselyariyasi yoki ofisi)ning huquqiy maqomi alohida qonunlar bilan tartibga solingan.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
4-avgust kuni mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.
Spot, avvalroq, YHQni buzganlik uchun jazolarni kuchaytiruvchi qonun loyihasi Senatga yuborilgani haqida yozgandi.