Qonunchilik palatasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz bergan hollarda transport vositasini topshirgan shaxs uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish hamda transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik joriy etilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiqoshirganlik uchun ham jazo kuchaytirilishi taklif etilmoqda.
Transport vositasini mast holda boshqarganlik yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takror sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini muayyan muddat davomida qo‘llamaslik ham taklif etilmoqda.
4-avgust kuni deputatlar yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Murodbek Sherliyev bir qator qo‘pol qoidabuzarliklar uchun nazarda tutilayotgan jazolar haqida ma‘lumot bergandi:
- voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish — 50 BHMgacha (20,6 mln so‘m)jarima, transport vositasini 6 oydan 1 yilgacha olib qo‘yish yoki 15 sutkagacha ma‘muriy qamoq;
- noqonuniy poygalarni tashkil etish va unda ishtirok etish — 150 BHMgacha (61,8 mln so‘m) jarima, 15 sutkagacha ma‘muriy qamoq yoki 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish;
- belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirish — 26,8 mln so‘mgacha jarima va 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum etish.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi ayrim “peshexod"larda yangi ogohlantirish tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.