Toshkentning Sergeli tumani, Qo‘shqo‘rg‘on mahallasida Original Lyuks Servis korxonasi tomonidan qurilayotgan turar joy majmuasi yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Tekshiruv davomida 13 051 kvadrat metr yer uchastkasi quruvchiga 2021-yilda ijara asosida ajratilgani, qurilish uchun ruxsatnoma 2022-yil oktabrda olingani, Arxitektura-shaharsozlik kengashining xulosasi 2023-yil sentabrda berilgani hamda ishchi loyiha hujjatlari 2024-yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma‘lum qilindi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, obyektda qurilish ishlari 53% ga bajarilgan. Hokimlik fuqarolar va quruvchi o‘rtasidagi shartnomalarning tarafi emasligini bildirdi.
Kvartiralarni topshirish muddatlari, mablag‘larni qaytarish, ehtimoliy zararlarni qoplash va boshqa majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq masalalar fuqarolik-huquqiy tartibda, jumladan sud orqali hal etilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, uy-joy xaridorlari, quruvchi, prokuratura, davlat qurilish nazorati organlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda xaridorlar qurilishni yakunlash muddatlari, moliyalashtirish manbalari, kompaniyaning kredit va garov majburiyatlari hamda mavjud cheklovlar yuzasidan savollarni ko‘tardi.
Uchrashuv yakunida quruvchi yaqin vaqt ichida qurilish bosqichlari, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va kvartiralarni topshirish muddatlarini o‘z ichiga olgan aniq jadvalni taqdim etish majburiyatini oldi. Mazkur jadval obyekt hududida fuqarolar tanishishi uchun ochiq joyga joylashtiriladi.


Hokimlikning ma‘lum qilishicha, masala uy-joy xaridorlari, quruvchi, bank, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mutasaddi idoralar ishtirokida yana muhokama qilinadi.
Unda moliyalashtirish manbalari, taqdim etilgan jadval va fuqarolar oldidagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha choralar ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, vaziyat Toshkent shahar hokimining shaxsiy nazoratida. Hokimlik o‘z vakolatlari doirasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikka ko‘maklashishda davom etishini bildirgan.
Shuningdek, hokimlik ruxsat beruvchi va loyiha hujjatlarining mavjudligi quruvchining xaridorlar oldidagi shartnoma majburiyatlari bajarilganini anglatmasligini eslatib, fuqarolarga uy-joy sotib olishdan avval quruvchining moliyaviy holati, ishbilarmonlik obro‘si, faoliyati tarixi va avvalgi loyihalarini sinchiklab o‘rganishni tavsiya qildi.
Spot, avvalroq, Chilonzordagi ko‘p qavatli uy qurilishida qoidabuzarliklar aniqlanib, ishlar to‘xtatilgani haqida yozgandi.

