Xitoylik olimlar zamburug‘ mitseliyidan o‘zini-o‘zi tiklay oladigan tirik to‘qima yaratdi. Bu haqda The Spore Report portali xabar berdi.
Tadqiqot Xitoy Fanlar akademiyasining Shenzhen Institutes of Advanced Technology olimlari tomonidan olib borilgan.
Qayd etilishicha, tadqiqotda olimlar Cordyceps militaris zamburug‘ining mitseliyidan foydalangan.
Odatda zamburug‘ asosidagi materiallarni tayyorlashda mitseliy quritiladi yoki boshqa usullar bilan qayta ishlanadi va natijada zamburug‘ hujayralari nobud bo‘ladi. Yangi texnologiyada esa mitseliyni tirik holda saqlashga erishilgan. Shu sababli material oddiy mato kabi passiv emas, balki biologik faol xususiyatlarini saqlab qoladi.
Material shikastlanganda tirik mitseliy tolalari yana o‘sib, uzilgan qismlarni birlashtira oladi. Tajribalarda olimlar shikastlangan joyga suv va qo‘shimcha zamburug‘ granulalarini qo‘shib, mitseliyning bo‘shliqni qayta to‘ldirishini kuzatgan. Biroq “o‘zini-o‘zi tiklash jarayoni darhol sodir bo‘lmaydi va buning uchun muayyan sharoit talab etiladi.
Tadqiqotchilar ushbu materialdan kiyim prototipini ham yaratgan. Unga turli mikroorganizmlar yordamida qo‘shimcha funksiyalar berish mumkin.
Masalan, genetik o‘zgartirilgan xamirturush yordamida matoning rangini o‘zgartirish, ayrim zamburug‘lar yordamida esa ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi xususiyat hosil qilish mumkin. Material suvni qaytarish va o‘zini tozalash xususiyatlarini ham namoyon qilgan.





Yana bir muhim jihati — material biologik parchalanadi. Tajribada u tuproqqa ko‘milganidan taxminan 41 kun o‘tib deyarli to‘liq parchalangani kuzatilgan. Bu texnologiyani ekologik toza kiyim-kechak va barqaror moda uchun istiqbolli variantga aylantiradi.
Shunga qaramay, texnologiya hozircha laboratoriya va prototip bosqichida. Materialning uzoq muddat xizmat qilishi, namlikka chidamliligi, ommaviy ishlab chiqarish imkoniyati va tirik zamburug‘ hujayralarini kiyimda uzoq vaqt faol saqlash kabi masalalar hali yechimini kutmoqda.
Avvalroq Spot AQSHda ilk bor to‘liq sun’iy tuxumlardan jo‘ja ochib chiqqani haqida yozgandi.
Olimlar oddiy tuxum po‘chog‘i o‘rniga 3D-printerda tayyorlangan plastik karkasga urug‘langan tuxum tarkibini joylashtirib, uni inkubatorga qo‘yishdi.




