Masalan, kichik va o‘rta biznes vakillari (do‘kon, dorixona va boshqalar) kunlik naqd pul tushumini bank hisobvarag‘iga kirim qilish uchun ish joyini tark etib, bankka borishga majbur. Bu esa tadbirkor uchun qo‘shimcha yuk bo‘lib, yo‘l, navbat kutish, vaqt yo‘qotish va naqd pul xavfsizligini ta’minlash kabi omillar sababli ko‘pincha ish kunining yarmini oladi.
UzPost’ning yangi xizmati aynan shu muammoni hal etadi: endi tadbirkor kunlik savdo tushumini o‘ziga eng yaqin pochta bo‘limiga topshirishi kifoya, mablag‘lar avtomatik tarzda uning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
UzPost tashabbusi
UzPost milliy pochta operatori tomonidan ishlab chiqilayotgan ushbu loyiha bank infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududlarda odatiy moliyaviy xizmatlarni to‘ldirishga qaratilgan. UzPost’ning chekka aholi punktlarini ham qamrab olgan keng tarmog‘i tadbirkorlar uchun tayyor moliyaviy va to‘lov platformasi vazifasini o‘taydi. Loyiha doirasida UzPost pochta bo‘limlari infratuzilmasini taqdim etish, naqd pullarni qabul qilish va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish jarayoniga mas’uldir. Xizmatning asosiy maqsadi — ayniqsa yaqin atrofda bank shahobchalari va bankomatlar kam bo‘lgan hududlardagi biznes vakillariga savdo tushumlarini o‘z ish joylariga yaqin hududda, xavfsiz va qulay tarzda topshirish imkoniyatini yaratishdir.
“Bugungi kunda 'O‘zbekiston pochtasi' AJ (UzPost) nafaqat milliy pochta operatori sifatida balki to‘lov tashkiloti sifatida aholidan turli xil kundalik extiyoj to‘lovlari qabuli, agentlik bank xizmatlari va boshqa moliyaviy xizmatlarni amalga oshirib kelmoqda. UzPost tomonidan kichik va o‘rta biznes tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida 'Davr Bank' XATB bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun kunlik naqd pul tushumlarini inkassatsiya xizmatini yo‘lga qo‘yildi. UzPost bo‘limlari orqali inkassatsiya amaliyoti bir necha daqiqa vaqt oladi. Kelajakda biz ushbu tizimni boshqa banklar uchun ham yagona va ommabop moliyaviy model sifatida rivojlantirishni maqsad qilganmiz”, — deydi Rustam Dadamuhamedov, UzPost moliya bo‘yicha direktori.
Davr Bank roli
Loyihaning dastlabki bosqichida xizmatning bank qismini “Davr Bank” XATB ta’minlab, mijozlar hisobvaraqlarini yuritish, operatsiyalarni rasmiylashtirish, bank nazorati va mablag‘larni o‘tkazish jarayonlariga mas’ul bo‘ladi. Bunday vazifalar taqsimoti tizimning shaffofligini ta’minlaydi.
UzPost naqd pul qabul qilish va mijozlarga bevosita xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullansa, bank tartibga solinadigan moliyaviy tizim doirasida operatsiyalarni amalga oshiradi. Natijada tadbirkor bankka bormasdan, o‘zining tadbirkorligini olib borayotgan va yaqin bo‘lgan milliy pochta bo‘limi orqali barcha moliyaviy amaliyotlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu qanday ishlaydi?
Naqd savdo tushumini bank hisobvarag‘iga o‘tkazish tartibi:
- Tadbirkor pochta bo‘limiga naqd savdo tushumi bilan keladi.
- Bo‘lim xodimi mijozni STIR bo‘yicha identifikatsiya qiladi va operatsiyani rasmiylashtiradi.
- Bo‘lim naqd pulni qabul qiladi, operatsiya raqamli ko‘rinishda qayd etiladi va elektron reyestrga tushadi.
- Mablag‘lar mijozning Davr Bank’da ochilgan bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
- Mijoz tasdiqni oladi va operatsiya holatini kuzatib borish mumkin.
Masalan, tuman markazidagi kichik va o‘rta biznes vakillari (do‘kon, dorixona va boshqalar) kunlik tushumni qo‘shni shahardagi bankka olib borish o‘rniga, o‘z ish joyi yonidagi pochta bo‘limiga bir necha daqiqada topshirishi mumkin va bu mablag‘ bank tartib-taomillariga muvofiq hisobvaraqqa kelib tushadi.
Xizmatning texnologik asosini Finnova vendorining kompaniya mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yechimlari tashkil etadi, xizmat haqi va komissiya to‘lovlari bank mahsulotining rasmiy tariflari asosida belgilanadi.
Identifikatsiya va xavfsizlik
Xizmat bank tizimi doirasida amalga oshirilgani sababli har bir operatsiya majburiy identifikatsiyadan o‘tadi; bunda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar STIR (INN) hamda hisobvaraq raqami orqali tekshiriladi. Barcha amaliyotlar elektron reyestrlar shakllantirilgan holda raqamli formatda qayd etiladi va bu holatlarni o‘zaro solishtirish hamda nazorat qilish imkonini beradi. Mablag‘lar harakati to‘liq shaffof bo‘lib, har bir bosqich raqamli ma’lumotlar bilan tasdiqlanadi.
“Davr Bank „O‘zbekiston 1“ AJ bilan birgalikda integratsiya xizmatlarini tadbirkorlarga yanada yaqinlashtirmoqda. Endi naqd savdo tushumini istalgan pochta bo‘limlari orqali topshirish mumkin — qulay, xavfsiz va bank filialiga ortiqcha borishsiz. Operatsiya Davr Bank bank tizimida mablag‘ hisob raqamiga o‘tkaziladi”, — dedi Davr Bank vakili.
Xizmat qayerda ishlaydi?
Xizmat butun mamlakat bo‘ylab UzPost tarmog‘ining barcha aloqa bo‘limlarida amalga oshiriladi va tadbirkorlarga o‘z hududidan qat’i nazar, eng yaqin filialda savdo tushumlarini topshirish imkonini beradi. Xizmat ko‘rsatish shartlari va murojaatlar uchun aloqa ma’lumotlari UzPost hamda Davr Bankning rasmiy resurslarida e’lon qilib boriladi.
Keyingi qadamlar qanday?
UzPost mazkur loyihani keyinchalik boshqa bank-hamkorlar va yangi moliyaviy mahsulotlarni ulash imkoniyatiga ega bo‘lgan yagona xizmat ko‘rsatish modeli hamda ommabop moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishning muhim bosqichi sifatida ko‘rmoqda. UzPost mazkur xizmat faoliyatini tadbirkorlarning fikr-mulohazalari asosida yanada takomillashtirishni rejalashtirgan. Kichik va o‘rta biznes vakillari uchun bu an’anaviy bank kassalarini to‘ldiradigan, moliyaviy xizmatlarni bevosita hududlarga yaqinlashtiradigan qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi va pochta tarmog‘i orqali naqd pul tushumlari bilan ishlashga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
UzPost asosiy moliyaviy xizmatlari
UzPost (“O‘zbekiston pochtasi” AJ) mamlakatning barcha hududlarida aholiga keng ko‘lamli moliyaviy va bank xizmatlarini taqdim etadi. Bu markazlashtirilgan “AVVAL” to‘lov tizimi hamda tijorat banklarning tizimlari bilan o‘zaro integratsiyalashuvni yo‘lga qo‘yish orqali amalga oshiriladi. UzPost moliyaviy xizmatlari an’anaviy pochta, bank hamda davlat va tijorat tuzilmalarining agentlik ayrim xizmatlarini o‘zida mujassam etgan. Ularning asosiy xususiyati mamlakatning olis va borish qiyin bo‘lgan nuqtalarida asosiy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashdir.
UzPost tomonidan quyidagi moliyaviy xizmatlar amalga oshiriladi:
- Pul o‘tkazmalari — ichki va xalqaro pul o‘tkazmalarini yuborish va qabul qilish (shu jumladan, PosTransfer tizimi orqali Rossiyaga/Rossiyadan tezkor pul o‘tkazmalari). Manzilli va manzilsiz pul o‘tkazmalari mavjud (masalan, “Forsaj”).
- Kommunal xizmatlar to‘lovi — elektr energiyasi, gaz, sovuq va issiq suv, isitish, chiqindilarni olib chiqish va boshqalar uchun to‘lovlarni qabul qilish.
- Aloqa to‘lovlarni qabul qilish — mobil aloqa, uy telefoni, internet, raqamli televideniye va boshqa xizmatlar to‘lovlarini qabul qilish.
- Davlat to‘lovlari — Markaziy bankning MUNIS tizimi orqali soliqlar, bojlar, ma’muriy jarimalar (shu jumladan YHXX/DYHXX), budjetga badallar va boshqa to‘lovlarni qabul qilish.
- Bank rekvizitlari bo‘yicha to‘lovlar va bank kartalarini to‘ldirish — Bank rekvizitlari bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish hamda naqd pul mablag‘lari orqali bank kartalarini to‘ldirish imkoniyati.
- Transport kartalarini sotish — ATTO yagona transport kartalarini sotish va hisobini to‘ldirish.
Barcha to‘lovlar filiallar kassalarida operatorlar tomonidan, shuningdek, joylardagi pochta xabarchilari tomonidan smart-mobil qurilmalar yordamida amalga oshiriladi. To‘lov naqd pul mablag‘larini qabul qilish, shuningdek, UZCARD va HUMO milliy bank kartalari orqali amalga oshiriladi.
Loyiha koordinatori bilan bog‘lanish: (+998) 90−912−00−23.
Reklama huquqlari asosida.





