Kompaniya o‘sib borgani sari ayrim vazifalarni boshqalarga yuklatiladi to‘g‘ri keladi. Odatda birinchilardan bo‘lib buxgalteriya ishlari topshiriladi: mutaxassis hisob yuritadi, hujjatlar bilan ishlab, soliqlarni hisoblaydi va hisobotlarni tayyorlaydi. Shunda biznes egasida bu yo‘nalishga endi aralashmasa ham bo‘ladi, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin.

Ammo buxgalter borligi rahbarni hisobni to‘g‘ri tashkil qilish mas’uliyatidan ozod etmaydi. “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida"gi qonunda belgilanganidek, rahbar hisob siyosati va ichki nazoratni yo‘lga qo‘yishi, buxgalteriya hisobining to‘liq va ishonchli yuritilishi, hujjatlar saqlanishi, moliyaviy va soliq hisobotlari tayyorlanishini hamda hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashi kerak.

Buning uchun biznes egasi buxgalteriya o’tkazmalarini tushunishi yoki har bir hisobotni shaxsan tekshirishi shart emas. Uning vazifasi — kompaniyaning moliyaviy holatini tushunish va xavflarni vaqtida ko‘rish imkonini beradigan tizimni yaratish.

Quyida vazifalarni buxgalterga topshirishda e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihatlar haqida.

01

Buxgalter va rahbarning vazifalarini ajratish

Buxgalter amaliyotlarni to‘g‘ri hisobga olish, birlamchi hujjatlar, soliqlarni hisoblash, hisobotlarni tayyorlash va to‘lovlarni rasmiylashtirish uchun javob beradi.

Rahbarga esa boshqa savollarning javobi kerak:

  • kompaniya qancha daromad olyapti;
  • hozir qancha puldan foydalanish mumkin;
  • yaqin vaqtda qanday majburiyatlarni bajarish kerak;
  • pul yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkinmi;
  • biznes qanday xarajatlarni ko‘tara oladi.

Masalan, hisob raqamida 200 mln so‘m borligi kompaniya bu pulning barchasini sarflashi mumkinligini anglatmaydi. Uning bir qismi soliqlar, ish haqi, pudratchilar yoki kredit to‘lovlari uchun ajratilgan bo‘lishi mumkin.

Buxgalter hisobda qancha pul borligini ko‘rsatadi. Rahbar esa shundan qancha qismi haqiqatan ham erkin ishlatilishi mumkinligini tushunishi kerak.

02

Pul ustidan to‘liq nazoratni bitta odamga bermaslik

O‘sib borayotgan biznesda rahbarning har bir to‘lovni shaxsan amalga oshirishi qiyin. Ammo bitta xodimga bank hisoblariga cheklanmagan kirish huquqini berish ham xavfli.

“Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, pul mablag‘lari va hisob-kitob majburiyatlari bilan bog‘liq hujjatlarni rahbar yoki u belgilagan javobgar shaxslar imzolaydi. Bunday vakolatga ega xodimlar ro‘yxatini ham rahbar tasdiqlaydi.

Shu tartibni korporativ internet-bankingda ham qo‘llash foydali: xodimlarning vakolatlarini ajratish, to‘lov limitlarini belgilash hamda yirik yoki noodatiy amaliyotlarni alohida tasdiqlash kerak.

Masalan, buxgalter to‘lov topshiriqnomasini yaratadi, rahbar esa uni tasdiqlaydi.

03

Haftada bir marta 5 ta ko‘rsatkichni tekshirish

Biznes egasi har kuni buxgalteriya dasturini ochib ko‘rishi shart emas. Qisqa va muntazam hisobot olish ancha foydali.

Rahbar haftada bir marta quyidagi 5 ta savolga javob olsa kifoya:

  • Hozir hisoblarda qancha pul bor?
  • Mijozlar kompaniyaga qancha qarzdor?
  • Kompaniya hamkorlar va pudratchilardan qancha qarzdor?
  • Kelgusi 30 kunda qancha soliq, ish haqi, kredit va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirish kerak?
  • Bu to‘lovlarga pul yetmasligi xavfi bormi?

Bundan tashqari, kamida bir oy oldinga mo‘ljallangan to‘lov taqvimini yuritish ham foydali.

Kompaniya foyda bilan ishlasa ham, vaqtincha pul yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. Masalan, 15-avgust kuni pudratchiga 100 mln so‘m to‘lash kerak, mijozdan 150 mln so‘m esa faqat 25-avgust kuni tushadi. Umumiy hisobda pul yetarli, ammo o‘sha o‘n kun ichida kompaniya o‘z majburiyatini bajara olmaydi.

04

Birlamchi hujjatlarni nazorat qilish

Tovar yoki xizmat uchun pul to‘lashning o‘zi yetarli emas. Har bir xo‘jalik amaliyoti hujjatlar bilan to‘g‘ri rasmiylashtirilishi kerak.

“Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, amaliyotlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun birlamchi hisob hujjatlari asos bo‘ladi. 2024-yildan Adliya vazirligida 3538-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, buxgalteriya hisobidagi hujjatlar va hujjatlar aylanishiga oid yangilangan nizom ham amal qilmoqda.

Amalda oddiy qoida joriy qilish mumkin: xarid yoki xarajatni boshlagan xodim tasdiqlovchi hujjatlarni buxgalterga o‘z vaqtida topshirish uchun ham javob beradi.

Hujjatlarni hisobot topshirish arafasida yig‘ish emas, har bir amaliyot amalga oshirilishi bilan rasmiylashtirib borish ma’qul.

05

Shartnoma tuzishdan oldin kontragentni tekshirish

Buxgalteriya faqat kompaniya ichidagi amaliyotlarni emas, boshqa tashkilotlar bilan ishlashdagi xavflarni ham nazorat qilishga yordam beradi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi ishlaydi. 2025-yil dekabrdan boshlab u soliq intizomi va moliyaviy barqarorlikka oid 26 ta mezon asosida hisoblanadi. Umumiy ko‘rsatkich so‘nggi 30 kalendar kunidagi amaldagi ma’lumotlardan shakllantiriladi. Kompaniyaga AAA dan D gacha reyting beriladi.

Rahbar o‘z kompaniyasining reytingini kuzatib borishi, yirik bitimdan oldin esa yangi kontragentni ham tekshirishi foydali.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar xavfini avtomatik baholash tizimini joriy qildi. Agar EHF rasmiylashtirish vaqtida tizim yuqori xavfni aniqlasa, xaridorga yetkazib beruvchining tegishli holati ko‘rsatiladi. Bu biznesga bitimni rasmiylashtirish bosqichidayoq ehtimoliy soliq oqibatlarini baholash imkonini beradi.

Oddiy qoida: yangi hamkor bilan birinchi yoki yirik bitimni tuzishdan oldin buxgalterdan u haqidagi mavjud ma’lumotlarni tekshirishni so‘rash va EHF rasmiylashtirish paytidagi ogohlantirishlarga e’tibor berish kerak.

06

Kontragentlar bilan hisob-kitoblarni muntazam solishtirish

Kompaniya hisobida pudratchiundan qarzdor bo‘lib ko‘rinishi, uning hisobida esa buning aksi qayd etilishi mumkin.

Bunga hisobga olinmagan qaytarish, yo‘qolgan hujjat, to‘lov maqsadining noto‘g‘ri ko‘rsatilishi yoki bir tomon hisobga olgan, ikkinchi tomon esa hali kiritmagan amaliyot sabab bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun asosiy va doimiy kontragentlar bilan hisob-kitoblarni vaqti-vaqti bilan solishtirib turish kerak. Ayniqsa, hisobot davri yopilishidan oldin bu muhim.

Farq qancha erta aniqlansa, hujjatlarni tiklash va xatoni tuzatish shuncha oson bo‘ladi.

07

Darhol xabar berilishi kerak bo‘lgan muammolarni belgilash

Har qanday moliyaviy masala ham haftalik hisobotni kutishi shart emas.

Buxgalter qaysi holatlarda rahbarga darhol xabar berishi kerakligini oldindan kelishib olishi lozim. Masalan:

  • majburiy to‘lovlar uchun pul yetishmasa;
  • katta miqdordagi debitorlik qarzi muddati o‘tib ketsa;
  • soliq organlaridan bildirishnoma kelsa;
  • kontragentning bank rekvizitlari kutilmaganda o‘zgarsa;
  • avval topshirilgan hisobotda xato aniqlansa;
  • muhim hujjat yetishmasa.

Bu muammo biznes faoliyatiga ta’sir qilishidan oldin chora ko‘rish imkonini beradi.

08

Muayyan xodimga bog‘lanib qolmaydigan tizim yaratish

Hatto tajribali buxgalter ham doim aloqada bo‘la olmaydi: ta’tilga chiqishi, kasal bo‘lishi yoki boshqa ishga o‘tishi mumkin. Kompaniyaning moliyaviy jarayonlari u bilan birga to‘xtab qolmasligi kerak.

Rahbarda quyidagi ma’lumotlar doim bo‘lishi lozim:

  • bank hisoblariga kimlar kira oladi;
  • hujjatlar qayerda saqlanadi;
  • hisobotlar qachon topshiriladi;
  • kompaniya oldida qanday majburiy to‘lovlar bor;
  • kompaniya kimdan qarzdor va kim kompaniyadan qarzdor.

Agar bu ma’lumotlarning barchasini faqat bitta xodimdan olish mumkin bo‘lsa, demak, biznes tizimga emas, o‘sha odamga bog‘lanib qolgan.

Ish to‘g‘ri tashkil qilingan bo‘lsa, biznes egasining buxgalterga aylanishi shart emas. Asosiy ko‘rsatkichlarni tushunish, pulga kirish huquqini nazorat qilish, kelgusi majburiyatlarni ko‘rib turish va xavflar haqida oldindan ma’lumot olish kifoya.

Shunda buxgalteriya faqat hisobot topshirish vositasi bo‘lib qolmaydi, balki biznesni boshqarish tizimining bir qismiga aylanadi.

Reklama huquqlari asosida.