01
Nima bo‘ldi?
Prezident aprel oyida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
1-avgustdan barcha davlat xizmatchilari tadbirkorlar huzuriga har bir tashrifini QR-kodni skanerlash orqali maxsus “Yagona davlat nazorati” tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Maqsad — biznesni norasmiy tazyiqlardan hamda mansabdor shaxslarning “ishchi uchrashuvlar” niqobi ostidagi noqonuniy aralashuvidan himoya qilishdan iborat.
02
Bu kimga tegishli?
Ushbu talab idorasi va lavozimidan qat’i nazar, barcha davlat xizmatchilariga birdek taalluqli hisoblanadi.
Tadbirkorning oldiga qilingan, rejali yoki rejadan tashqari tekshiruv hisoblanmaydigan har qanday tashrifni ro‘yxatdan o‘tkazish zarur. Bunga suhbatlar, maslahatlar, hujjatlarni so‘rab olish va shu kabilar kiradi.
Masalan, agar tashrif buyruq-asos bilan rasmiy tekshiruv sifatida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, peshlavhani olib tashlash yoki konstruksiyani demontaj qilish talabi ham bunga misol bo‘la oladi.
Rasmiy tekshiruvlar alohida tartibda o‘tkazilib, bu qoida ularga nisbatan qo‘llanmaydi.
03
Qanday ishlaydi?
Tadbirkor o‘z hududida QR-kodni joylashtiradi. Mansabdor shaxs kelgach, kodni skanerlashi va tashrifni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Bu ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona davlat nazorati” tizimiga kelib tushadi.
Tadbirkor davlat xizmatchisini faqat tashrif ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingina qabul qilishga majbur. Agar skanerlash amalga oshirilmagan bo‘lsa, davlat xizmatchisini kiritmaslik mumkin.
Mansabdor shaxs tizimga tashrif maqsadi, o‘zi va rahbari haqidagi ma’lumotlari, tekshiruv uchun asoslari, muloqot chog‘ida esa tashrif sababi va muhokama qilinadigan masalani kiritishi shart.
04
Agar amaldor tekshiruvni ro‘yxatga olmasa nima qilish kerak?
Tadbirkor mansabdor shaxsni obyektga kiritmaslikka, u bilan muloqot qilishdan bosh tortishga va hujjatlarni taqdim etmaslikka qonuniy haqli.
Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tashrif noqonuniy aralashuv deb hisoblanadi.
Agar davlat xizmatchisi ro‘yxatdan o‘tmasdan kelib, QR-kodni skanerlashdan bosh tortsa, farmonning 3-bandi“b” kichik bandiga asoslanishingiz mumkin: tashrif haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritish majburiydir, bunga rioya etmaslik esa xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
5-bandning “b” va “v” kichik bandlari mansabdor shaxsni obyektga kiritmaslik va u bilan muloqot qilishdan bosh tortish huquqingizni mustahkamlaydi.
Huquqiy asos: Prezidentning 2026-yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-63-son Farmoni.
05
QR-kod qanday olinadi?
QR-kod har bir kompaniya uchun alohida emas, balki barcha tadbirkorlar uchun yagona hisoblanadi. Uni govcontrol.uz saytidan yuklab olish mumkin.
Tadbirkorlar QR-kodni mustaqil ravishda chop etib, mansabdor shaxs tashrif buyurganida uni skanerlashi mumkin bo‘lgan ko‘rinarli joyga joylashtirishi mumkin.
06
Biznes QR-kodni o‘zi o‘rnatishi kerakmi?
QR-kodni o‘rnatish bo‘yicha majburiy talab yo‘q.
Kod govcontrol.uz saytida mavjud: uni mustaqil ravishda yuklab olib, chop etishingiz mumkin. Shuningdek, Biznes ombudsman QR-kodlar bilan ta’minlash choralarini boshladi.
07
Amaldorning tashrifi ro‘yxatga olinganligini qanday tekshirish mumkin?
QR-kod va butun tizim govcontrol.uz sayti yoki “Yagona davlat nazorati” mobil ilovasi orqali ishlaydi.
Ilovani App Store va Google Play orqali yuklab olish mumkin. Ilova GovControl deb ataladi. Aynan GovControl (dasturni ishlab chiqaruvchi — Biznes-ombudsman) nomi bo‘yicha qidiring, aks holda qidiruv kerakli natijani bermasligi mumkin.
Bu QR-kod tashriflarni qayd etish uchun kerak bo‘ladi. Tizimning o‘zi — tekshiruvlar tarixi, bildirishnomalar, inspektorlar bilan chat kabi imkoniyatlardan foydalanish uchun esa sayt yoki ilova zarur bo‘ladi.
Shuningdek, tizimning Telegram-boti ham bor, u orqali tekshiruvlar haqida to‘liq ma’lumot olish mumkin. Biroq, maqola chop etilgan vaqtda bot ishlamayotgan edi.
08
Ilovaga qanday kirsa bo‘ladi?
Avtorizatsiya telefon raqami yoki OneID orqali amalga oshiriladi. OneID orqali kirish profil, mobil raqam yoki ERI yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Agar siz kompaniya rahbari bo‘lsangiz, ilova avtomatik tarzda profilni tanlashni taklif qiladi: shaxsiy yoki kompaniya profili. Interfeys rus va o‘zbek (kirill va lotin alifbolaridagi) tillarida mavjud.
09
Ilovada qanday funksiyalar bor?
Shaxsiy kabinetda foydalanuvchilar kompaniya haqidagi ma’lumotlarni — STIR, IFUT, yuridik manzil va rahbar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Tizim ushbu ma’lumotlarni har bir tekshiruvga avtomatik tarzda bog‘laydi.
“Tadbirkor tekshiruv kitobi” bo‘limida tashriflarning butun tarixi qayd etiladi: tekshiruv raqami va asosi, uni kim o‘tkazgani, qanday hujjatlar so‘ralgani hamda yakunlar bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgani.
“Ro‘yxatga olingan tekshiruvlar” bo‘limi har bir tashrif uchun alohida kartochkani — qaysi davr tekshirilgani va aynan kim kelganini ko‘rsatadi. “Tekshirish huquqiga ega bo‘lgan nazoratchilar” bo‘limida esa hududingizga biriktirilgan inspektorlar ro‘yxati va ularning sizga kelish uchun asoslari bor yoki yo‘qligi aks ettirilgan.
“Maxsus guvohnoma” bo‘limida tekshiruvchining qog‘oz guvohnomasining raqamli ko‘rinishi saqlanadi. 1-avgustdan qog‘oz guvohnomalar bekor qilinadi va bu inspektorning vakolatlarini tekshirishning yagona usuli bo‘lib qoladi.
Barcha tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish ilova orqali amalga oshiriladi.
10
Agar tekshiruv qoidabuzarliklar bilan o‘tsa, nima qilish kerak?
Ilovada qayta aloqa uchun alohida vositalar mavjud. Tashrifdan so‘ng mansabdor shaxsning harakatlarini besh ballik tizimda baholash, “Shikoyatlar” bo‘limi orqali shikoyat yuborish va uning holatini “Muloqotlar ro‘yxati” bo‘limida kuzatib borish mumkin.
Agar gap tovlamachilik yoki korrupsiya haqida ketayotgan bo‘lsa, “Korrupsiya haqida xabar berish” shakli orqali uch turdagi murojaatni (“Tekshiruv”, “Profilaktika”, “Muloqot”) yuborish hamda fayl biriktirish mumkin.
11
Qoidabuzarlik uchun amaldorga qanday chora ko‘rilishi mumkin?
Bu ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanib, xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, mansabdor shaxs oxirgi qoidabuzarlik qayd etilgan sanadan boshlab 12 oy davomida muayyan tadbirkorni tekshirishda ishtirok etish huquqidan mahrum qilinadi.
Agar davlat xizmatchisi bir yil ichida ayni bir tadbirkor bilan ikki yoki undan ortiq marta asossiz uchrashuv o‘tkazsa, unga nisbatan barcha choralar qo‘llanadi: xizmat tekshiruvi, 12 oylik taqiq, bu taqiqni buzgan taqdirda esa tekshirish huquqini beruvchi guvohnomaning amal qilishi 3 oygacha muddatga to‘xtatiladi.
Qoidabuzarlikni muntazam sodir etganlar 6 oy muddatga “Insofsiz ijrochilar reyestri"ga kiritiladi.



