Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida xitoylik investor Yan Tsuychjun ishtirokida sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida GRANDHUNT 1688 xorijiy korxonasi tashkil etilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun Bag‘dod tumanidagi iqtisodiy zonadan 5 gektar yer maydoni ajratiladi. Investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb $20 mlnni tashkil etadi.



Ajratilgan hududda ikki bosqichda ikkita zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda metall konstruksiyalar va sendvich panellar ishlab chiqarish uchun texnologik uskunalarni yetkazib berish ishlari boshlangan.
Shuningdek, profnastil ishlab chiqarish va metall konstruksiyalarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda ishlab chiqarish zavodlari quriladi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov investor bilan uchrashuvda loyihani amalga oshirishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, GRANDHUNT 1688 kompaniyasi 27-iyul kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 400 mln so‘m bo‘lgan kompaniya “boshqa rangli metallar ishlab chiqarish” bilan shug‘ullanadi. Uning yagona ta’sischisi va rahbari — Yan Tsuychjun.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Janubiy Koreya temiryo‘l ehtiyot qismlarini mahalliylashtirishni muhokama qilgani haqida yozgandi.
Tomonlar loyihani amalga oshirishni tezlashtirish va o‘zbek standartlari bilan ishlash uchun koreyalik mutaxassislarni jalb etishni rejalashtirmoqda.


