Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga 37 874 ta elektromobil import qilindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
2025-yilning shu davriga nisbatan elektromobil importi 2,6 baravarga yoki 23,5 ming donaga oshgan.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning birinchi yarmida ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillarni ham hisobga olganda, jami 24 355 ta avtomobil import qilingan.
Yarim yil davomida olib kirilgan elektromobillarning umumiy qiymati $447,7 mlnni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davridagi jami avtomobil importi qiymatidan $25,6 mlnga ko‘p.
Elektromobillarni O‘zbekiston bozoriga yetkazib berishda Xitoy yetakchilik qilmoqda. Yil boshidan buyon Xitoydan 37 560 ta elektromobil olib kirilgan bo‘lib, bu umumiy importning 99,2%ini tashkil etadi.
Shuningdek, Gonkongdan 141 ta, Janubiy Koreyadan 80 ta, Germaniyadan 42 ta va AQSHdan 21 ta elektromobil import qilingan. Qolgan davlatlardan jami 30 ta elektromobil olib kelingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-aprel holatida O‘zbekistonda 109,2 mingta elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgidan 68% ga ko‘p. Elektromobillarning 79,85 mingi yoki 73%i Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, hududlarda ham elektromobillar soni tez o‘smoqda. Samarqand viloyatida ularning soni 2,6 baravar, Xorazmda 2,1 baravar, Sirdaryoda esa 98 foizga oshgan.
Avvalroq Spot elektromobil xaridiga olingan avtokredit foizlarining bir qismini qoplash taklif etilayotgani haqida yozgandi.