Google Android’da Google Play’dan tashqaridan ilova o‘rnatish jarayonini o‘zgartirmoqda. Bu haqda arstrechnica xabar berdi.
Kompaniya 2027-yildan boshlab tasdiqlanmagan dasturchilar yaratgan ilovalarni o‘rnatish uchun foydalanuvchilarga qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tish va 24 soat kutish imkonini beruvchi yangi “advanced flow” mexanizmini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Yangi tartib Android qurilmalarida dasturchilarni verifikatsiya qilish tizimi bilan bog‘liq. Google’ning maqsadi — zararli ilovalarni tarqatuvchi shaxslarning anonim qolishini qiyinlashtirish va foydalanuvchilarni firibgarlik hamda zararli dasturlardan himoya qilish.



Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tizim 2026-yil 30-sentabrdan dastlab Braziliya, Indoneziya, Singapur va Tailanddagi sertifikatlangan Android qurilmalarida qo‘llanila boshlaydi. Keyinchalik himoya mexanizmi 2027-yilda global miqyosda kengaytiriladi.
Tasdiqlangan dasturchilar yaratgan ilovalarni o‘rnatishda foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha to‘siq bo‘lmaydi.
Biroq Google’da verifikatsiyadan o‘tmagan dasturchi tomonidan tarqatilayotgan APK’ni o‘rnatish uchun foydalanuvchi maxsus “advanced flow” tartibidan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Google bu mexanizmni ayniqsa Android’dan faol foydalanadigan va Google Play’dan tashqaridagi ilovalarni o‘rnatadigan tajribali foydalanuvchilar uchun ishlab chiqmoqda.
Buning uchun avval Android qurilmasida dasturchi parametrlarini yoqish kerak bo‘ladi. So‘ng sozlamalardagi “Allow Unverified Packages” funksiyasini faollashtirish, foydalanuvchi tasdiqlash jarayonidan o‘tish va qurilmaning PIN-kodi yoki parolini kiritish talab etiladi.
Shundan keyin telefon qayta ishga tushiriladi va foydalanuvchi 24 soat kutishi kerak bo‘ladi. Belgilangan vaqt o‘tgach, qurilmadagi verifikatsiyadan o‘tmagan ilovalarni o‘rnatishga ruxsat beriladi.
Google 24 soatlik kutish muddatini firibgarlarning foydalanuvchilarga bosim o‘tkazib, ularni zararli APK’larni zudlik bilan o‘rnatishga majbur qilishiga qarshi qo‘llamoqda.
Kompaniya fikricha, firibgarlik sxemalarida ko‘pincha “hozir o‘rnating”, “aks holda hisobingiz bloklanadi” kabi shoshilinch talablar qo‘yiladi. Bir sutkalik kutish esa foydalanuvchiga qarorini qayta ko‘rib chiqish va ilovaning xavfsizligini tekshirish uchun vaqt beradi.
Shu bilan birga, Google Android’da APK’larni tashqi manbalardan o‘rnatishni butunlay taqiqlamayapti. Kompaniya o‘zining yangi tizimi orqali tajribali foydalanuvchilar uchun bunday imkoniyatni saqlab qolishini ta’kidlamoqda.
Foydalanuvchi bir martalik sozlash jarayonidan o‘tgach, verifikatsiyadan o‘tmagan dasturchilarning ilovalarini o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Ruxsatni yetti kun davomida yoki cheklanmagan muddatga yoqish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Google Play’dan tashqarida ilova tarqatuvchi dasturchilarga esa o‘z shaxsini Google orqali tasdiqlash va ilovalarini ro‘yxatdan o‘tkazish talabi qo‘yiladi.
Buning uchun dasturchi o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishi hamda ilovaga egaligini tasdiqlashi kerak.
Google bunday mexanizm zararli ilovalarni tarqatuvchi shaxslarning bir hisob yopilgandan keyin yangi anonim hisob orqali faoliyatini davom ettirishini qiyinlashtirishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Spot Androidda noqonuniy va norasmiy ilovalarni o‘rnatish taqiqlanishi haqida yozgandi.
Google’ning yangi siyosati nafaqat Google Play’ga, balki uchinchi tomon ilovalar do‘konlariga, shuningdek, mustaqil mualliflarga ham ta’sir qiladi.


