Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Gold Moon Tashkent kompaniyasidagi 100% lik davlat ulushini ochiq savdoga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion portalida maʼlum qilindi.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2019-yilning avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. U poytaxtning Chilonzor tumanida — O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) kampusi ro‘parasida va Farhod bozori yaqinida joylashgan Fonon zavodiga egalik qiladi.

Fonon‘ning 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra foydasi 33,39 mlrd so‘mni tashkil etgan, holbuki korxona 2025-yilni 7,8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan edi. Korxonada o‘rtacha 459 nafar xodim mehnat qiladi.

Gold Moon Tashkent kompaniyasining ustav kapitali — 444,51 mlrd so‘m, aylanma aktivlari esa — 331,82 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 305,9 mlrd so‘m kreditorlik qarzi mavjud, debitorlik qarzi esa 13,2 mlrd so‘mga teng.

Korxona umumiy maydoni 11 370 kv. metr bo‘lgan ikki qavatli binoni va 2,56 gektarlik yer uchastkasini egallaydi. Kompaniyaning balans fondlari 110,75 mlrd so‘mga baholangan, eskirish darajasi esa 33,17% ni tashkil etadi.

Boshlang‘ich narx — 316,67 mlrd so‘m. Auksion 28-sentabr kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.

Lot prezident tomonidan 2023-yil mart oyida tasdiqlangan xususiylashtirish dasturiga muvofiq sotilmoqda. “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonunga asosan, xarid uchun 36 oyga (uch yil) bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.


Spot, avvalroq, tadbirkorlarga mo‘ljallangan kredit marketpleysini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.