Buxoro viloyatidagi nodavlat maktabgacha ta‘lim tashkilotiga subsidiya to‘lashning to‘xtatilishi noqonuniy deb topildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi 27-fevraldagi dalolatnoma asosida tashkilotga fevral−aprel oylari uchun subsidiya to‘lashni uch oy muddatga to‘xtatgan.
Bunga axborot tizimiga 10 nafar tarbiyalanuvchining fotosurati o‘rniga boshqa bolalarning suratlari joylashtirilgani asos qilib ko‘rsatilgan.
Biznes-ombudsman o‘rganishida esa mazkur 10 nafar bola bog‘chaga kelib, ta‘lim-tarbiya olgani kunlik yo‘qlama va mashg‘ulot daftarlari, Telegram guruhlaridagi videolavhalar hamda ota-onalarning tushuntirish xatlari bilan tasdiqlangan.
Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tadbirkor manfaatini ko‘zlab Toshkent tumanlararo ma‘muriy sudiga murojaat qilgan.
Sud dalolatnomani rasmiylashtirishdagi xatti-harakatlarni qonunga xilof deb topib, fevral−aprel oylari uchun to‘lanmay qolgan subsidiya mablag‘larini tashkilotga to‘lab berish majburiyatini yuklagan.
Avvalroq Spot Sirdaryoda tadbirkorga foydalana olmagan yeri uchun 772 mln so‘m qaytarilishi haqida yozgandi.