Hukumat qarori bilan “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi haqida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, tabiiy o‘lim, o‘z joniga qasd qilish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi hamda jinoyat sodir etish vaqtida jarohatlanish holatlari tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.
Baxtsiz hodisa yuz berganda ish beruvchi jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatishi, zarur hollarda uni tibbiyot muassasasiga olib borishi, tegishli organ va tashkilotlar hamda jabrlanuvchining yaqinlarini xabardor qilishi kerak.
Jabrlanuvchi yoki hodisa guvohi bu haqda darhol bo‘linma rahbariga xabar berishi lozim. Bo‘linma rahbari jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatishi va uni tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etishi kerak.
Shuningdek, maxsus tekshiruv komissiyasi ish boshlaguniga qadar hodisa joyidagi vaziyat va jihozlar holati hodisa yuz bergan vaqtdagi holicha saqlanishi kerak. Hodisa haqida ish beruvchi hamda kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga darhol xabar beriladi.
Salomatlikka yetkazilgan zararning og‘irlik darajasidan qat‘i nazar, bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq xodim bilan yuz bergan guruhli, oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir, shuningdek, o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi.
Avgust oyida Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish kunini soat 8:00 dan boshlash taklif qilingandi.
Avvalroq O‘zbekistonda vakansiyalar soni qariyb 10% ga oshgandi.