MrBeast nomi bilan tanilgan amerikalik bloger Jimmi Donaldson O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Madaniyat va san‘atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.

U jamg‘arma taklifiga binoan 9-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jamoatchilik dasturida ishtirok etadi.

Tadbirda 18 yoshga to‘lgan hamda Toshkentda shaxsan qatnasha oladiganlar ishtirok etishi mumkin. Yo‘lkira, yashash va boshqa qo‘shimcha xarajatlarni ishtirokchilarning o‘zi qoplaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish 6-oktabr soat 12:00 da boshlangan bo‘lib, 8-oktabr soat 12:00 gacha davom etadi. Har bir kishi tasdiqlangan bitta mobil telefon raqami va amaldagi bitta pasport orqali faqat bir marta ariza topshirishi mumkin. Boshqa shaxs nomidan ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilmaydi.

Takroriy, avtomatik yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan arizalar tasodifiy saralash boshlanishidan oldin chiqarib tashlanadi.

Ro‘yxatdan o‘tish yakunlangach, talablarga javob beradigan barcha arizalar orasidan ishtirokchilar kompyuter tizimi yordamida tasodifiy tanlanadi. Saralash shaxsiy aloqalar, obunachilar soni yoki ro‘yxatdan o‘tishda berilgan javoblarga bog‘liq bo‘lmaydi.

Tanlangan ishtirokchilar bilan ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan aloqa ma‘lumotlari orqali bevosita bog‘laniladi. Joy faqat ko‘rsatilgan ishtirokchiga biriktiriladi, mehmon yoki hamroh bilan qatnashishga ruxsat berilmaydi. Joyni sotish, boshqa shaxsga berish yoki almashtirish mumkin emas.

Jamg‘arma tadbir va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha yagona rasmiy manba hisoblanadi. Ro‘yxatdan o‘tishda to‘lov, bank kartasi ma‘lumotlari yoki akkaunt parollari so‘ralmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun havola.


Spot avvalroq sakkiz oyda O‘zbekistonga 9 mlndan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgani haqida yozgandi.