AQSHning “Calatrava Grace Corporation” delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, hududda biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishdi, deb yozadi O‘zA.

Xabarga ko‘ra, “Calatrava Grace Corporation” kompaniyasi rahbari Maykl Selman va ijrochi direktor Maykl Kalatrava boshchiligidagi delegatsiya “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘lib, u yerdagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Bundan tashqari, investorlar sobiq “UPP” aksiyadorlik jamiyatining bo‘sh turgan binolarini ko‘zdan kechirdi.

“Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 iyundagi „Navoiy“ erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan erkin iqtisodiy zonaga sobiq „UPP“ va „Avtotransstroymexanizatsiya“ aksiyadorlik jamiyatlariga tegishli binolar qo‘shib berildi”, deydi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Azamat Fayziyev.

Shu bois, erkin iqtisodiy hudud hamda Navoiy shahrida joylashgan mazkur ob’ektlar o‘rtasida infratuzilma tarmoqlari, xususan, temir yo‘llar va boshqa binolar barpo etiladi.

Ayni paytda bu borada loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Amerikalik hamkorlarimiz bunga ko‘maklashish maqsadida viloyatda modulli bloklar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.