Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ilg‘or texnologiyalar markazlari hamkorligida tashkillashtirilgan “Tibbiyot sohasidagi innovatsiyalar” Axborot kuni bo’lib o’tdi, deb yozadi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida qator innovatsion ishlanmalar yaratilmoqda.

Tez yordam tizimiga innovatsiyalar joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha

Har bir odam uchun muhim bo‘lgan bu xizmatning sifatli, tez ko‘rsatilishiga, tibbiyot brigadasi faoliyatini optimallashtirishga, zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan, qalbaki chaqiruvlardan himoya qiluvchi mazkur loyiha orqali “tez yordam"ning sifatini oshishiga ko‘mak berishi, aholi sog‘lig‘ini saqlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Zaif eshituvchilar uchun dispetcherlik xizmati

Yana bir loyiha — zaif eshituvchilar uchun dispetcherlik xizmati eshitish muammosi mavjud shaxslar uchun birinchi yordam xizmatlariga xabar berish imkoniyatini beradi. Mazkur dispetcherlik xizmati kunu tun, tanaffussiz faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, QLF-Quantitative Light Fluorescence qurilmasi esa og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenik holatini aniqlashga innovatsion yondashuvdir. U og‘iz bo‘shlig‘ida aniqlanadigan har qanday kariyes va uning asoratlarini qizil rangda belgilab beradi. Bu qurilma bolalarda tish kasalliklari profilaktikasi uchun xizmat qiladi.