Rossiya va O‘zbekistonning qo‘shma loyihasi — dunyoning eng yirik radioteleskopini qurish ishlari tez orada yakunlanadi, shundan keyin astronomlar galaktikalararo yo‘laklar yoki “krot uyasi"ni o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu haqda “Известия” xabar qildi.

Xalqaro rasadxona maydoni O‘zbekistonning Suffa platosi bo‘lib, 70-metrlik radioteleskopning qurilish ishlari 1980 yillarda boshlangan edi.

Loyihani yakunlash uchun 60,5 million $ kerak bo‘ladi. Dastlabki kuzatishlar 2023 yildan keyin amalga oshiriladi.

“Milimetrik to’lqin uzunligi oralig’i bizga, masalan, yulduzlarning kelib chiqish hududlarini, uzoq galaktikalar yadrosini, asosan, olamning uzoq o’tmishini ko’rish imkonini beradi”, — deydi Rossiya fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Yuriy Balega.

Dengiz sathidan 2,5 ming metrdan ortiq balandlikdagi Suffa platosida yil davomida quyosh charaqlaydi, siyraklashgan havo va atmosfera radiosignallarining kam darajada yutilishini ta’minlaydi.

Rossiya hududida, ya’ni Qrimda shu kabi 22 metrlik qurilma bor, lekin u kamida 3 mm to‘lqin uzunligi doirasida ishlaydi.

Ilgari Spot Vladimir Putin O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ko‘plab savdo hujjatlari imzolanishini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.