Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi kelgusi yilning aprel oyida keng muhokamaga qo‘yilishi mumkin.

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari hamda Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

Prezident iyun oyining oxirida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

1 yanvardan boshlab hujjatga yangi stavkalar kiritiladi, ayrim to‘lovlar, xususan fuqarolarning ish haqi ko‘rinishidagi daromadlaridan olinadigan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari bekor qilinadi.

“Farmonda belgilangan stavkalar o‘zgarishsiz qoladi. Birorta ham stavka o‘zgarmaydi, hatto bunday muhokama ham yo‘q”, — deb ta’kidladi Jamshid Qo‘chqorov.

Davlatimiz rahbarining farmoniga binoan Moliya vazirligining ishchi guruhiga yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini 1 dekabr sanasiga qadar ishlab chiqish va uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Uchrashuvda Moliya vaziri loyihani belgilangan muddatda tayyorlashga ulgurmasliklarini qayd qilib o‘tdi.

“To‘g‘risini aytganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksini ishlab chiqishga ulgurmaymiz. Ikkita yo‘limiz bor. Butunjahon bankining ba’zi maslahatchilari kodeksni qabul qilaverishni va keyinchalik uni 2019 yilda o‘zgartirishni taklif qilishayapti. Ikkinchi variant esa, konsepsiyada ko‘rsatilgan stavkalarni qabul qilish va ular hammasi ishga tushirilishidir. Bu stavkalar bilan bog‘liq o‘zgarishlar Soliq kodeksiga kiritiladi”, — dedi vazir.

Keyingi holatda Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, yangi Soliq kodeksi 2019 yil aprel oyida muhokamaga qo‘yilishi mumkin. Hujjat 2020 yildan boshlab to‘liq ishga tushadi.