Moliya vazirligi g‘aznachiligida jurnalistlar va OAV xodimlari ishtirokida “Yoqilg‘i energetika sohasidagi islohotlar samaradorlikka erishish uchun sharoit yaratish asosida ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, tajriba tariqasida faqat Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab aholi uchun gaz va elektr energiyasidan foydalanishning bazaviy me’yorlari o‘rnatiladi.

Tabiiy gaz uchun foydalanish me’yorlari — besh oylik isitish mavsumida har bir abonentga 1 000 kubometrni, yilning boshqa davrida (hisoblagich mavjudligidan qat’iy nazar) 250 kubometrni tashkil etadi.

Elektr energiyasi uchun esa — har bir abonentga bir oyda 300 kvt/soat. Hisob-kitoblar ko‘rsatishicha, kishi boshiga elektr energiya sarfi oyiga o‘rtacha 60 kvt/soat.

Poytaxtda o‘tkaziladigan tajriba qatnashchilari me’yorlar chegarasida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun odatdagi narx bilan, me’yordan ortiq ishlatgani uchun esa 20% ga qimmatroq to‘lashadi.

Bu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantiradi. Ushbu yangicha yondashuvni sinovdan o‘tkazilishi kelgusida undan qanday foydalanish, qonunchilikni takomillashtirish va hisob-kitoblarni amalga oshirish kabi masalalar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, bularning barchasi o‘rtacha daromadli oilalar va aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilishga qaratilmoqda.