“O'zbektelekom” AK internet sifati pasayishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilning 1 dekabriga qadar “O'zbektelekom” AK Xalqaro paketli kommutatsiya markazi va ma’lumotlar uzatish tarmoqlari sig’imini kengaytirish bo’yicha loyiha doirasida tarmoq modernizatsiyasi bo’yicha texnik ishlar olib boradi.

“Ushbu davrda Internet xizmatlarini taqdim etishda sifat pasayishi kuzatilishi mumkin. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz”, deyiladi xabarda.

Ilgari O’zbekiston milliy axborot agentligi “O‘zbektelekom” AK mas’ul xodimi Yunus Kamolov ma’lumotiga tayanib, shu yilning 1 dekabr sanasidan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobarga oshiriladi deya xabar bergan edi.

“O‘zbektelekom” AK mas’ul xodimi Yunus Kamolov ta’kidlashicha, shu yilning 1 dekabr sanasidan O‘zbekistonda internet tezligi aynan Prezident aytganidek, 10 barobarga oshiriladi. Hozirda texnik ishlar yakuniga yetkazilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarda internet 10 barobarga tezlashishi qayd etilgan.

Joriy yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev dekabr oyidan boshlab O‘zbekistondagi xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligi oshirilishi lozimligi haqida gapirib o‘tgan.

Shuningdek, prezident sentyabr oyidagi yig’ilishda IT sohasidagi muammolarni bartaraf etish vazifasini berdi. Xususan, internet tarmog‘iga ulanish tezligini oshirish, aloqa tarmoqlarini to‘liq optik tolaga almashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.