“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Kamalak tekstil” qo‘shma korxonasida gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish boshlandi, deb yozadi Davlat bojxona qo’mitasi matbuot xizmati.

Turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda Urgut tumanining Mergancha massivida tashkil etilgan korxonaning umumiy loyiha qiymati 32,7 million $ bo‘lib, bu yerda yiliga 6 ming tonna sintetik ip, 1 million 800 ming kvadrat metr gilam, 2 million 400 ming kvadrat metr tafting va sun’iy chim ishlab chiqariladi.

Dastlabki bosqichda 26,2 million $ miqdorida investitsiya kiritilib, gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, yana 80 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Ta’kidlanishicha, hozirda “Urgut” EIZda faoliyat ko‘rsatuvchi 67 ta korxonalarning ishlab chiqarish loyihalari erkin iqtisodiy zonalar ma’muriy kengashi tomonidan tasdiqlangan.