Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019−2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Urganchda Shovot kanali bo‘yida “Shovot” kichik turizm zonasi (bundan keyin — KTZ), Xivada esa “G‘ovuk ko‘l” KTZ tashkil etiladi. U yerda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa ob’ektlar quriladi. 2 oy muddatda KTZning aniq chegaralari belgilanadi.

Xorazm viloyati EIZ va KSZ ma’muriy kengashi turizm zonalarida investorlar uchun yer ajratilishini ta’minlaydi.

Viloyat hokimligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2 oy muddatda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan qo‘shimcha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini shakllantirib, tasdiqlash uchun kiritadi.

Hujjatga ilovada 2019−2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi taqdim etilgan. Ular jumlasida:

  • “Ichan-qal'a” majmuasi hududida yashayotgan tub aholini Xiva atrofida barpo etiladigan yangi ko‘p qavatli uylarga bosqichma-bosqich ko‘chirish. Ushbu chora tarixiy majmuaning umumbashariy bemisl ahamiyatini, “tirik muzey-shahar” maqomini saqlab qolish, aholining turmush tarzini yaxshilash, oilalarning o‘ziga xos hunarmandchilik va qadimiy kasb turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish imkonini beradi;
  • Urganchda mahalliy (Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Namangandan) hamda Frankfurt, Istanbul, Anqara, Izmir, Volgograd, Dehli, Futszyandan xalqaro aviareyslarni yo‘lga qo‘yish;
  • Xiva temir yo‘l vokzalidan “Ichan-qal'a” majmuasigacha bo‘lgan ko‘chadagi barpo etilayotgan obyektlarda hududning tarixiy-madaniy muhitiga uyg‘un holda har xil ko‘ngilochar maskanlar va savdo shoxobchalarini joylashtirish.