2019 yilning yanvar-fevral oyida neft qazib olish hajmi kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Tog'-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash korxonalari tomonidan 2019-yilning yanvar-fevral oylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlari hajmi 8,1 trln.so'mni yoki jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 18,3% ni tashkil etdi.

O’tgan yilning shu davriga nisbatan tabiiy gaz qazib olish 4,2% ga, va shag’al — 2,0 m. ga oshdi. Shu bilan birga, ko’mir qazib olish 25,2% ga, neft — 5,3% ga, gaz kondensati — 2,5% ga, chaqiq tosh — 29,7% ga pasaygan.

Joriy yilning yanvar-fevral oyida O’zbekistonda 115 ming tonna neft qazib olingan, bu 2018 yilning shu davriga nisbatan 5% ga kamdir.

Ma’lumotlarga ko’ra, ko’mir qazib olish hajmi ham qisqarib, 539,2 ming tonnani tashkil etdi. O’tgan yilning mos davrida esa 721 ming tonna ko’mir qazib olingan.

Tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi esa ortib 10054,7 mln.kub.m.ni tashkil etdi, 2018 yilning mos davrida 9649,7 mln.kub.m.ni tashkil etgan.